Jahongir Artiqxodjaev Misrning “Elsewedy Electric” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ahmad al Suveydi boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi.
O`zaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish va rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Ahmad al Suveydi o`z kompaniyasi haqida ma`lumot berar ekan, ular qayta tiklanadigan energiyasini ishlab chiqarish uchun kabellar, transformatorlar, elektrotexnika buyumlari, elektr uzatish tarmoqlarini qurish va jihozlash, tarqatish tizimlari, gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish bo`yicha etakchilardan biri ekanligini aytib o`tdi.
Hozirda Ruminiya, Gresiya, Sloveniya, Chexiya, Qatar, Jazoir, Suriya, Bangladesh, Tanzaniya, Gana va boshqa mamlakatlarda kompaniya filiallari faoliyat yuritayotganligini ma`lum qilib, qator yo`nalishlarda O`zbekiston, xususan, Toshkent bilan hamkorlikda ishlash taklifini bildirdi. Jumladan, Toshkentda drayport qurish(quruqlikdagi logistika markazi), smart hisoblagichlar ishlab chiqarish va elektr energiyasi ta`minoti sohasida birgalikda ishlash niyati borligini aytib o`tdi.
Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi xorijiy mehmonga poytaxtda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator loyihalarni taklif etdi. Mazkur taklifga asosan, kompaniya mutaxassislari tegishli tizimlarni o`rganishadi va ularning xulosalariga ko`ra, hamkorlik istiqbollari belgilanadi.