Joriy yil 20-22 fevral kunlari Kiev shahrida O`zbekiston-Ukraina biznes-forumi bo`lib o`tdi. Forum doirasida Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Ukrainaning Taraqqiyot, iqtisodiyot, savdo va qishloq xo`jaligi vaziri T. Milovanov, Ukraina sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi rahbari A.Kinax, Ukraina Savdo–sanoat palatasi raisi G. Chijikov hamda Ukraina biznesi vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazdi.
Tadbirda ishtirok etish ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning joriy holatini muhokama qilish va istiqbolli qo`shma investisiya loyihalari va o`zaro manfaatli savdo bitimlarini ishlab chiqish orqali hamkorlikni faollashtirish bo`yicha mavjud imkoniyatlarini o`rganishga imkon berdi.
Ushbu nuqtai nazardan, tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash, bojxona va tariflarni tartibga solish, veterinariya-sanitariya talablarini va o`simliklar karantini uyg`unlashtirish borasida o`zaro munosabatlar sohalarida masalalarni hal etish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif chog`ida joriy yilning bahorida Toshkent shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan O`zbekiston-Ukraina hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bilan bog`liq bo`lgan masalalar ham ishlab chiqildi – bo`lajak tadbir kun tartibiga kiritish uchun ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari belgilab olindi.
Shuningdek, Ukrainaning Infratuzilma vazirligida “Toshkent-Kiev-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha havo qatnovini va “Toshkent-Xarkov-Toshkent” bo`ylab temir yo`l liniyasini tiklash masalasiga bag`ishlangan muzokaralar bo`lib o`tdi.