AsosiySiyosat

O`zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

'O`zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

26 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati. 

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarini bildirdi.

Davlat rahbarlari O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi do`stlik, strategik sheriklik va o`zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O`zaro savdo hajmi yuqori sur`at bilan ortmoqda: 2018 yil yakunlariga ko`ra tovar ayirboshlash 40 foizga oshdi. Turkiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida investisiya va innovasiyalar, energetika, qishloq xo`jaligi, infratuzilmani modernizasiya qilish, turizm va boshqa sohalarda yirik qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda O`zbekistonda Turkiya investisiyalari ishtirokida 655 qo`shma korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 270 tasi o`tgan yili tashkil etildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda, turizm sohasidagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Keyingi bir yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan turkiyalik sayyohlar soni 2 barobar ko`paydi.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.

Muloqot so`ngida Prezidentlar O`zbekiston bilan Turkiya o`rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladilar.

    Boshqa yangiliklar