Joriy yil 26 fevral kuni “O`zbekiston havo yo`llari” aviakompaniyasiga tegishli NY 514-reys bilan Seul – Toshkent yo`nalishida Toshkent vaqti bilan soat 19:02da poytaxtimizga uchgan samolyot bortida 1996 yilda tug`ilgan, Qirg`iziston Respublikasi fuqarosi B.T.ning salomatligi yomonlashgan. Unda insult alomatlari aniqlanganligi sababli samolyot 20:55da Seul aeroportiga qaytarilgan. Seul aeroportida bemor va uning farzandi hamda bir nafar fuqaro tushirib qoldirilib, B.T.dan koronavirus infeksiyasiga laborator tahlillar olingan. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Shundan so`ng, samolyot Toshkent vaqti bilan soat 22:59da Seuldan poytaxtimizga 232 nafar passajir, 12 nafar ekipaj a`zolari bilan jami 244 nafar fuqaro uchgan va joriy yil 27 fevral kuni, bizning vaqtimiz bilan soat 05:58da Toshkent halqaro aeroportiga kelib qo`ngan.
Koronovirusning O`zbekistonda tarqalishining oldini olish maqsadida Seuldan kelgan yo`lovchilar Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyasiyasiga joylashtirilib, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o`tkazilgan.
Ma`lum bo`lishicha, Seul shahrida qolgan Qirg`iziston Respublikasi fuqarosi B.T.dan koronavirus infeksiyasiga olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko`ra, unda koronavirus alomatlari aniqlanmagan.
Sog`liqni saqlash vazirligi