Xotira: Ko`ngil halovati, sof vijdonga egaman, shu mening BAXTIM! — G`aybulla Hojiev (Foto)

Madaniyat 09.03.2020, 17:24
973
Xotira: Ko`ngil halovati, sof vijdonga egaman, shu mening BAXTIM! — G`aybulla Hojiev (Foto)

26 fevral tongi... Ijtimoiy tarmoqlarda umrini san`atga bag`ishlagan, tanlagan sohasining bir qator yo`nalishlari rivojiga munosib hissa qo`shgan, chin ma`nodagi IJODKOR, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist G`aybulla HOJIEVning olamdan o`tgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabar ta`sirida aktyorning qo`l telefoniga qo`ng`iroq qilishga yurak betlamadi va uy raqamiga qilingan qo`ng`iroqqa esa ayolining yig`i aralash “G`aybulla aka bugun tongda omonatini topshirdi”, degani xayollarni tumandek tarqatib yubordi...

                                                                        BOLALIK XOTIRALARIDAN

Barcha bilan birdek shirinsuxan bo`lgan G`aybulla Hojiev 1956 yilning 22 mayida Buxoroda bog`bon oilasida tug`ilgan. Oilada ikki o`g`il, uch qizning to`rtinchisi bo`lgan bo`lajak aktyorga Bahovuddin Naqshband ta`limotini o`rgangan bobosining madaniy, ma`naviy tarbiyasini olish nasib etgan. Harf tanigani uchun, garchi ma`nosini tushunmasa-da, bobosiga ulug` allomalarning kitoblarini o`qib berishni kanda qilmagan ekan. G`aybulla Hojiev otasidan og`ir mehnat, buvisidan ozodalikni o`rgangan. “Garchi arzon libos kiysak-da, hamma havas qilarli darajada ozoda yurardik”, degandi suhbatlarimizdan birida. U vaqtlarda quruq maosh bilan oila boqib bo`lmagani bois onasi 1965 yildan tandirda non yopar, G`aybulla Hojiev esa akasi bilan birga milisiyadan qochib, ming azobda nonlarni sotib kelishini ham xuddi kechagidek so`zlab berardi. “Yo`lda qancha nonlarimiz loyga belanardi. Aravamiz bilan mahalladagilarning qurilish mollarini ham tashirdim. Evaziga non yo go`sht kabi masalliqlar berishardi. Begona emas, yaqinlarimiz “aravasi bilan tirikchilik qilyapti”, deb “kattalar”ga shikoyat ham qilishgan...” deya o`kinchlarini ham xotirlardi. 

Vaholanki, tengdoshlarining shimi, portfelini ko`rib havasi keladigan aktyor buvisi tikib bergan shalvar, urfdan qolgan portfelda maktabga borar va hatto oyoq kiyim olishga imkoniyati yo`qligidan yozda yalangoyoq yurar, chandiqlari hanuzgacha o`sha xotiralarni eslatib turishini bot-bot so`zlab berardi. Non sotish, mol-hol uchun o`t o`rib kelish, molxonani tozalash, dars qilish va o`yindan ortib, haftada uch marta madaniyat uyining drama to`garagiga borishga ham ulgurardi. “Garchi bolaligim jismonan og`ir, ocharchilikda o`tgan bo`lsa-da, ruhiyatimiz ba­land, ko`zimiz to`q edi”, derdi aktyor.

                                                                                    BAXTLI TASODIF...

— Buvim ishlaydigan sexda ko`zi ojizlar sahnalashtirgan “Parvona”ni ko`rib, lol bo`lganman. 1969 yili Labihovuzdagi kinoteatrda “O`tkan kunlar” filmini hayrat bilan ko`rganman. Kim o`ylabdi deysiz, oradan yillar o`tib, G`aybulla Hojiev rejissyor Melis Abzalov suratga olgan “O`tkan kunlar”da aktyor O`lmas Alixo`jaevga ovoz beradi, deb. “Kleopatra”ni ham o`shanda ko`rganman. 35 yildan so`ng Yuliy Sezarga ovoz berdim. Bolaligimda butilka yig`ib, topshirib puliga kinoteatrga yugurardim, deya hayotidagi baxtli tasodifdan minnatdor bo`lardi.

G`aybulla Hojiev otasiga aktyor bo`lish orzusini aytganida, “kambag`alning usti but, qorni to`q bo`lsa bo`ldi-da. Yig`ib qo`ygan pulimni beraman, institutga kirolsangiz tolein­giz. Yo`qsa, ixtiyoringiz menda, oshpaz bo`lasiz”, deya tanlash imkoniyatini bergan. Bu orada Buxoroga hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatridan aktyorlar borib qoladi. Drama to`garagidagi ustozining shogirdi aktyor Tesha Mo`minovga uchragan G`aybulla Hojievni hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutiga olib borgan. Imtihonlardan a`lo darajada o`tib, o`zi orzu qilganidek baxtli talaba bo`lish nasib etgan. Hayot aktyorga o`zi singari xokisorlik qilmadi, ijaraga uy topolmagan vaqtlari vokzal, aeroportda tunardi. Ertalab nazoratchilar uyg`otar va to`g`ri o`qishga ketardi.

                                                                  OLIM XO`JAEVNING NAZARIGA TUShGAN

G`aybulla Hojievga 2-bosqichdan hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teat­rining ommaviy sahnalarida qatnasha boshlash nasib etgan. O`sha vaqtdagi teatr direktori Olim Xo`jaevning nazariga tushgan, boisi “G`aybullani ko`rsam yoshligim yodimga tushadi. Umrim vafo qilsa, ishga olib, ikki yil tarbiyalab, Gamletni o`ynatmoqchiman”, degan ekan. Biroq, bu borada ham hayot aktyorga shafqatsizlik qiladi. Institutni tamomlashiga4 oy qolganida, Olim Xo`jaev olamdan o`tadi... 

Bu orada aktyor Baxtiyor Ixtiyorov avvalgi “Yosh gvardiya” teatriga bosh rejissyor bo`ladi. Institutdagi ishini ko`rib, “Musiqali dirijyor” spektaklidagi bosh qahramon roliga taklif qiladi. Shundan so`ng yosh aktyor “Yosh gvardiya” teatri­ga ishga olingan. Ustoz Olim Xo`jaevning niyatiga farishtalar omin, degan ekan, oradan 11 yil o`tib, O`zbek Milliy akademik drama teatriga rejissyor Latif Fayzievning taklifi bilan ishga o`tgan. “Yosh gvardiya” teatridagi har bir ijodkordan minnatdorman. Boisi ular meni O`zbek Milliy akademik drama teatrida ishlashga loyiq kadr qilib tarbiyalashgan”, degandi aktyor. 

“Tinimsiz aqliy meh­nat bilan band bo`lganim bois 2003 yili insultga chalindim. Yaqinlarim meni Buxoroga olib ketishdi. Ko`zimni ocholmasam ham, gapirolmasam ham, shifokorlarning bar­cha gapini eshitardim. Bundan bexabar shifokorlar “tez orada jon beradi”, deyishgandi... Kasallikdan keyin faqat o`ng taraf ovoz pardam ishlaydi, chap tarafi ishlamaydi. Shukr, bari ortda qoldi, oyoqqa turdim, teatrga ishga qayt­dim. Sog`ligimdan kelib chiqib, 2005 yilgacha teatr­da ishladim”, deya hayot va ijodga qaytganidan shod edi.

                                                        SOHASINING HAQIQIY JONKUYaRI

Aktyor doim “rollarim”, deya ta`kidlardi, boisi yoshlarning og`zini to`ldirib, “obraz yaratdim”, deya obraz nimaligini bilmay gapirishlaridan ranjirdi. 

Ustozlaridan o`rgangan xokisorlik bilan “Sohamizning piri bo`lgan ustozlarimiz obraz yaratgan. Biz rol o`ynayapmiz, senga berilgan rol hali obraz emas. Buyuk san`atkor bo`lganingdagina obraz yaratasan”, deya kuyunchaklik qilardi. Vaholanki, kamtarlikni odat qilgan aktyor Ahmad Yassaviy, Ahmad al-Farg`oniy, Abdurauf Fitrat, Imom Buxoriy, Hofiz Sheroziy, Ulug`bek, Chingizxon, Fayzullo Xo`jaev, Amir Nas­rullo, Yildirim Boyazid kabi tarixiy qahramonlar va Shekspirning asarlarida ham bosh rollarni ijro etgan. 

Shuningdek, xalq orasida “dublyaj qiroli”, degan yuksak e`tirofga ham sazovor bo`lib ulgurgan. Aktyor sira mehnatdan qochmaydigan, sohasining haqiqiy jonkuyari ekanini quyidagi xotiradan ham anglash qiyin emas:

— Kunlarning birida teatr direktori Yoqub Ahmedov “G`aybulla, maoshingni halollab ol! Ertadan kechgacha televizorda ovozingni eshitaman, dublyajga qaysi vaqt borasan?” dedi. “Siz buyuk san`atkorsiz, oldingizda zarraman. Demakki, sizni ranjitishga haqqim yo`q. Bir oyda 16 ta spektakl qo`yiladi, 13 tasida bandman, 6 tasida dublyorim yo`q. Dublyajda esa hamma uxlayotgan vaqt: 23.00 dan 5.30 gacha ishlayman. Bir yarim soat uxlab, yana teatr­ga ishga kelaman” deya munosabatimni bildirganman. 

Dublyaj ustasi 1994 yildan boshlab, 10 yil davomida dublyajda “Kusto komandasining suv osti sarguzashtlari”, “Ramayana” seriali, “Sohibjamol va maxluq”, “Qirol sher”, “Qunduz amakining ertaklari” kabi mingdan oshiq film, multfilmlarga ovoz berib, samarali ijod qilgan.

SO`NGSO`Z O`RNIDA...

Aktyor bilan bo`lgan so`nggi suhbatimizda “Teatr, radio, televidenie, dublyajdan topgan mablag`im ro`zg`orga arang etar, gohida yo`l chiptasiga pul qolmasdi. Shu bois to`ylarga chiqishga majbur bo`lganman. Ishonsangiz, aktyor bo`la turib, tuzukroq kostyum sotib olishga imkonim bo`lmasdi. 1996 yildan orzularimiz sekin-asta ushala boshlagan. Ko`ngil halovati, sof vijdonga egaman va hanuz rejissyorlar uchun kerakli aktyorman, mana shu mening BAXTIM!” degandi. G`aybulla Hojiev nafaqat rejissyorlarning, balki xalqning ham ardog`ida edi. To`g`ri, hech kim  benazir emas, biroq betakrorlar borligini ham inkor etib bo`lmaydi. G`aybulla Hojiev ana shunday ijodkorlardan biri edi.

Shunday og`ir damlarda, aktyorning oila-a`zolari, yaqinlari va muxlislariga chuqur 
hamdardligimizni izhor qilamiz...

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Шарҳлар