13

SSV: Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo`yicha qat`iy choralar belgilandi

Salomatlik 15.03.2020, 16:59
Теглар: SSV, koronavirus
1222
SSV: Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo`yicha qat`iy choralar belgilandi

Bugun koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda bir qator qat`iy choralar belgilandi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy xabar berdi.

Jumladan, yurtimizdagi barcha maktabgacha ta`lim muassasalari, umumta`lim maktablari hamda oliy o`quv yurtlariga joriy yil 16 mart kunidan boshlab ta`til beriladi. 

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida O`zbekistonda Navro`z umumxalq sayllari ham bekor qilinadi. Ommaviy marosimlar, jumladan, uloq-ko`pkari, kurash va boshqa odamlar ko`p to`planadigan tadbirlar vaqtincha o`tkazilmaydi. Barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida majlislar o`tkazish ham vaqtincha to`xtatiladi.

Bundan tashqari, ertadan boshlab O`zbekistonning xorijiy davlatlar bilan avia va avtomobil qatnovlari to`xtatiladi. Yurtimiz fuqarolarining chet davlatlarga chiqishi, chet davlat fuqarolarining mamlakatimizga kirishi taqiqlanadi. Chet davlatlardagi o`zbekistonliklarning qaytishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Hukumat karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko`radi. Bunga Bosh prokuratura huzuridagi departament ham Davlat soliq qo`mitasi jalb qilingan. Oziq-ovqat va boshqa zaxiralar etarli darajada g`amlangan.

Shuningdek, karantin vaqtida yolg`on va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima uyg`otadigan xabarlar tarqatgan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha bo`lgan choralar ko`riladi.

Eslatib o`tamiz, bugun Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo`lib qaytgan bir nafar O`zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi.

Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikni tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to`liq amalga oshirilmoqda.
 

Шарҳлар

SSV: “Hozircha O`zbekistonning koronavirusdan xavotirlanishiga asos yo`q!”

24.01.2020, 08:43

Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan bugungi kunda dolzarb bo`lib turgan koronavirus hamda gripp kasalliklariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`di.Unda mutaxassislar tomonidan Xitoy Xalq...