Navro`z bayrami kunlari o`zbekistonliklar 30 ta yangi kino premerasi bilan tanishadilar.

Madaniyat 18.03.2020, 11:08
960
Navro`z bayrami kunlari o`zbekistonliklar 30 ta yangi kino premerasi bilan tanishadilar.

"O`zbekkino” Milliy agentligi televizion efir vaqtini to`ldirish uchun davlat va nodavlat telekanallarga kinofonddan 750 ta material taqdim etadi. Aksiyaning birinchi bosqichi 250 dan ortiq kinomateriallar - hujjatli va badiiy filmlar (2015-2018 yillar), multfilmlar (2010-2018 yillar), qisqa metrajli filmlar hamda bolalarning sevimli “Zumrasha” kinojurnalining yangi sonlarini (2016-2018) o`z ichiga oladi.

Shuningdek,  "O`zbekkino" telekanallarga taqdimoti yaqin ikki hafta ichida o`tkazilishi mo`ljallangan  30 ta yangi filmni taqdim etadi.  Ular orasida “Qo`qon shamoli”, “Avloniy” , “1 avgust” va boshqalar bor.  

– Bizning maqsadimiz – mamlakatimiz aholisi, ayniqsa karantin tadbirlari davomida uyda qolayotgan yosh avlod va bolalari bilan qolayotgan hamyurtlarimizning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishdan iborat, –  deydi “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Biz davlat va nodavlat telekanallar taklifimizni qo`llab-quvvatlaganliklaridan minnatdormiz.  Aminmanki, bunday aksiyaning birgalikda o`tkazilishi uyda o`tirganlarning mazmunli dam olishini ta`minlash barobarida, milliy kinomahsulotlarimizga bo`lgan e`tiborni oshiradi.  

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston hukumatining koronavirus tarqalishining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar haqidagi tavsiyalaridan kelib chiqib, mamlakat miqyosida ommaviy ko`ngilochar tomoshalar, jumladan, kinoteatrlar faoliyati ham to`xtatilgan.  

Shu bilan birga karantin kunlari o`quv muassasalari yopilgan, bayram  tadbirlari bekor qilingan.

Шарҳлар