13

Koronavirusga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot xodimlari oylik maoshiga 120 foiz ustama qo`shib beriladi — Prezident

Siyosat 19.03.2020, 20:29
975
Koronavirusga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot xodimlari oylik maoshiga 120 foiz ustama qo`shib beriladi — Prezident

Avval xabar qiliganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta`sirini yumshatish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta`minlash, karantin xarajatlarini o`z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta`kidlandi.

Yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo`shimcha 120 foiz ustama to`lash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Kasallanganlarni o`z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e`tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta`minlash muhimligi qayd etildi.

Hozirgi kunda 16 mingdan ortiq fuqarolar karantinga olingan. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini ta`minlash yuklatildi.

Koronavirus ta`siri eng yuqori bo`lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta`tillari va kredit qarzlari bo`yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Masalan, mehmonxona biznesida 90 milliard so`mlik, transport-logistika sohasida 650 milliard so`mlik, umumiy ovqatlanish muassasalarida 180 milliard so`mlik, tashqi savdo korxonalarida 3,6 trillion so`mlik kreditlarni qaytarish imkoniyati pasaymoqda. Turistik firma va mehmonxonalar har bir sayyoh uchun kuniga 2-3 dollardan turizm yig`imi to`lab kelmoqda.

Shu bois ushbu korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish, turistik yig`imlar undirishni vaqtincha to`xtatish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, pandemiya sababli faoliyatini to`xtatgan tadbirkorlarga banklar orqali foizsiz byudjet ssudalari ajratiladi. Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati beriladi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig`i, fermerlarning suv solig`i 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mahalliy byudjetdagi yo`qotishlar respublika byudjetidan qoplab beriladi.

Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e`lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to`xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi. 

Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import bo`yicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qo`llamaslik, “yashil yo`lak”lardan mahsulot o`tkazishni ko`paytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borish bo`yicha topshiriqlar berildi.

– Hozirgi holatda ba`zi korxonalarning soliq tushadigan bazasi kamayishi tabiiy. Lekin bu kamomad nima hisobidan qoplanishi bo`yicha mutasaddilarda kundalik tahlil va so`rov bo`lishi shart, – dedi Prezident.

Шарҳлар