my5

Diqqat e`lon: Shon-sharaf muzeyiga fuqarolardan eksponatlar yig`ilmoqda

Madaniyat 24.03.2020, 20:28
Теглар: muzey, eksponat
1129
Diqqat e`lon: Shon-sharaf muzeyiga fuqarolardan eksponatlar yig`ilmoqda

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G`alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to`g`risida”gi PQ-4495-sonli qarori asosida Toshkent shahar Olmazor tumanida G`alaba bog`i hamda uning hududida Shon-sharaf muzeyi bunyod etilmoqda.

Muzeyda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g`alabaga O`zbekiston xalqining qo`shgan ulkan hissasi aks ettiriladi hamda yurtdoshlarimizning jang maydonlarida va front ortidagi matonati, mardligi, jasorat va fidoyiligi, insonparvarligi va bolajonligi ko`rsatib beriladi.

Bu haqda Shon-sharaf muzeyi ekspozisiyalar fondini shakllantirish va boyitish bo`yicha Ishchi guruhi xabar berdi.

Ichi guruh muzey ekspozisiyalar fondini shakllantirish va boyitish uchun yurtdoshlarimizdan amaliy yordam so`ramoqda:

"Aziz vatandoshlar! Siz Ikkinchi jahon urushi frontlarida jang qilgan va front ortida mashaqqatli mehnat qilgan vatanparvar yurtdoshlarimiz faoliyati haqida ma`lumot beruvchi ashyolarni muzeyga topshirish orqali muzey eksponatlari fondini yanada boyitishga va ajdodlar nomini abadiylashtirishga munosib hissa qo`shgan bo`lasiz.

Siz muzeyga topshirgan ashyolar mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi hamda qahramon haqidagi ma`lumotlar qayd qilinib, yo`nalishi bo`yicha ekspozisiyaga joylashtiriladi. Shuningdek, front va front ortida fashizm balosiga qarshi kurashgan ajdodlarimiz haqidagi to`liq ma`lumotlar o`zbek, rus va ingliz tillarida muzeyning Axborotlar bazasiga joylashtiriladi.

G`alaba bog`i va Shon-sharaf muzeyi 2020 yilning 9 may kuni arafasida foydalanishga topshiriladi.

Hamkorlik uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz.

Eksponatlar qabul qilinayotgan manzil: Toshkent shahar, Yunusobod tumani 9-daha, Rixsiliy ko`chasi 9-uy. Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali. (sobiq Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti binosi). Mo`ljal: Zenit zavodi va Korzinka.uz supermarketi.

Shuningdek, uzoq viloyat va tumanlardagi fuqarolarimiz o`z ashyolarini joylardagi mudofaa ishlari boshqarmalari va bo`limlari orqali ham topshirishlari mumkin", deyiladi murojaatda. 

Murojaat uchun telefonlar: 71 269-87-93, 99 877-44-08, 90 516-86-23.
 

Шарҳлар