"So`m almashuv kursi shakllanishi iqtisodiyotning importga bo`lgan talabi, eksport va pul o`tkazmalaridan valyuta tushumlariga bog`liq". Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi holatni ma`lum qildi

Iqtisodiyot 25.03.2020, 19:55
676
"So`m almashuv kursi shakllanishi iqtisodiyotning importga bo`lgan talabi, eksport va pul o`tkazmalaridan valyuta tushumlariga bog`liq". Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi holatni ma`lum qildi

So`nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda kelgusida so`m almashuv kursi o`zgarishi bilan bog`liq turli xil fikrlar tarqalmoqda.

Buning natijasida vujudga kelishi mumkin bo`lgan spekulyativ holatning oldini olish maqsadida Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi joriy holat bo`yicha axborot berdi.

O`tgan yillarda mamlakatimizning asosiy tashqi savdo hamkor davlatlari milliy valyutalari, xususan, rubl va tenge almashinuv kursining sezilarli o`zgarishi ma`lum davrdan keyin so`m kursiga ta`sir ko`rsatib kelgan.

Rubl bilan tengening qadrsizlanishi kuzatilgan avvalgi davrlarda jahon iqtisodiyoti o`sish ko`rsatkichlarining ijobiyligi hamda mamlakatimizda yuqori investision va ishbilarmonlik faolligining saqlanib qolganligi, iqtisodiyotda yalpi talab va importning o`sishini rag`batlantirgan.

Ushbu vaziyatlar bilan bir qatorda banklarning kredit faolligi oshishi va davlat xarajatlarining ko`payishi savdo hamkorlarimiz milliy valyutalari devalvasiyasining so`m almashuv kursiga ta`sirini yanada kuchaytirgan.

Hozirgi vaqtda koronavirus pandemiyasi ta`sirida jahonda ishlab chiqarish hamjlari va neft narxining pasayishi sharoitida asosiy savdo hamkorlarimiz valyutalari qadrsizlanmoqda.

Ta`kidlash joizki, jahon iqtisodiyotidagi hozirgi vaziyatning o`ziga xos xususiyati va uning milliy iqtisodiyotimizga, shu jumladan, valyuta bozoriga ta`siri avvalgi global iqtisodiy sharoitlardan biroz farq qiladi.

Bundan tashqari, yil boshidan banklarning moliyaviy barqarorligini ta`minlash chora-tadbirlari doirasida kreditlashga bo`lgan muvozanatli yondashuv, shuningdek, pul-kredit siyosatining bozor instrumentlaridan faol foydalanishga o`tilishi umumiy hisobda valyuta bozori kon`yunkturasiga bevosita va bilvosita ta`sir ko`rsata boshladi.

Shu bilan birga, ichki valyuta bozoridagi taklif tarkibida pul o`tkazmalari bilan bir qatorda xususiy va davlat sektorlari tomonidan jalb qilinayotgan uzoq muddatli qarz va investisiyalar ko`rinishidagi xorijiy kapitalning ulushi asta-sekin o`sib bordi.

Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga chet el valyutasini sotish hajmi ketma-ket 4 oy davomida joriy pul o`tkazmalari hajmidan yuqori bo`ldi.

Natijada rubl va tenge qadrsizlanishi, mehnat resurslari harakatiga cheklovlar joriy etilishiga va buning natijasida chetdan kirib keladigan pul o`tkazmalarining vaqtincha pasayishiga qaramay, almashuv kursining hozirgi dinamikasi hamda ichki valyuta bozorida keskin tebranishlar kuzatilmadi. Ushbu holatni quyidagilar bilan izohlash mumkin:

Birinchidan, kutilayotgan global iqtisodiy pasayish va pandemiyaga qarshi ko`rilayotgan choralar iqtisodiy faollikni pasayishiga olib keladi. Bunda import va shunga mos ravishda xorijiy valyutaga bo`lgan talabning ham pasayishi kuzatilmoqda;

Ikkinchidan, iqtisodiy o`sishning sekinlashishi va koronavirusning sezilarli ta`siri bo`lgan sektorlarda kreditlarni qaytarish jadvallarini qayta ko`rib chiqilishi va muddatlarini uzaytirilishi hisobiga bank kreditlariga bo`lgan talabning avval prognoz qilingan ko`rsatkichlarga nisbatan sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda;

Uchinchidan, inqirozga qarshi jamg`armani shakllantirishda asosan tashqi manbalarga urg`u berilayotganligi valyuta bozoriga qo`shimcha taklif olib keladi;

To`rtinchidan, oltin narxining o`sishi hisobiga Markaziy bankning oltin valyuta zahiralari neytralligi tamoyili asosida amalga oshiriladigan doimiy valyuta intervensiyalari hajmi o`tgan yildagiga nisbatan o`rtacha 30 foizga oshishiga imkon yaratadi.

Qayd etish lozimki, bugungi kun holatiga xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan valyuta tushumlari va chet el valyutasini sotish hajmlari o`tgan oylar darajasida saqlanib qolmoqda.

2019 yil aprel oyidan buyon so`mning devalvasiya darajasi, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutasi qadrsizlanishi darajasiga yaqin bo`ldi.

Ayni paytda jismoniy shaxslar tomonidan banklardan sotib olinayotgan valyuta hajmining nisbatan oshishi yuqori devalvasion kutilmalar bilan izohlanib, kelgusida rubl va tenge almashuv kursining barqarorlashuvi va o`z navbatida, devalvasion kutilmalarning pasayishiga ijobiy ta`sir ko`rsatishi taxmin qilinmoqda.

Hozirda asosiy savdo hamkor davlatlar valyuta kurslarida kuzatilayotgan keskin tebranishlarni ushbu davlatlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida barqarorlashuvi ehtimoli yuqori bo`lib, kelgusida dunyodagi koronavirus bilan bog`liq vaziyat normallashishi hisobiga jahon bozorlarining asta-sekin muvozanatlashishi hamda yuqorida qayd etilgan xorijiy valyutalar kurslari qadrining ma`lum darajada oshishi kutilmoqda.

Kelgusida so`m almashuv kursi shakllanishi iqtisodiyotning importga bo`lgan talabi, eksport va pul o`tkazmalaridan valyuta tushumlariga darajasi bilan bog`liq. Bugungi kungacha qilingan tahlillar milliy valyuta almashuv kursi dinamikasida ma`lum bir kichik to`g`irlanishlar bo`lishi mumkinligini va so`mning keskin devalvasiyasi bo`yicha ehtimollarning yuqori emasligini ko`rsatmoqda.

Markaziy bank joriy vaziyat va iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda, koronavirus pandemiyasining ichki valyuta bozoriga ta`sirini tegishli ravishda baholab, makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash yuzasidan zaruriy choralarni ko`rib boradi.

Shu bilan birga, aholi va xo`jalik yurituvchi sub`ektlar orasida asossiz spekulyativ kutilmalarning paydo bo`lishini oldini olish maqsadida ichki valyuta bozoridagi holat va unga ta`sir etuvchi omillar to`g`risidagi ma`lumotlar muntazam e`lon qilib boriladi.

Birja kurslari va birja savdolari hajmi to`g`risidagi ma`lumotlar har kuni Markaziy bankning telegramdagi rasmiy kanalida hamda O`zbekiston Respublika valyuta birjasi veb-saytida e`lon qilib borilmoqda.

Шарҳлар