SSV bemorlar ahvoli og`irligini bildirgan va "rizolik so`ragan" tibbiyot xodimi videosi bo`yicha izoh berdi

Jamiyat 25.03.2020, 22:23
2792
SSV bemorlar ahvoli og`irligini bildirgan va "rizolik so`ragan" tibbiyot xodimi videosi bo`yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan telegram kanallari orqali kiyimiga va so`zlariga qaraganda tibbiyot xodimi bo`lgan, ammo o`zini tanishtirmagan ayolning "bemorlar ahvoli og`irligi"ni aytib, o`z yaqinlariga «rozilik so`rab» yig`lagan videosi tarqalgan edi.

Kun.uz muxbiri Abror Zohidov  Sog`liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi rahbari Furqat Sanaevdan bu masala bo`yicha izoh so`radi.

Vazirlik rasmiysining ma`lum qilishicha, videodagi ayol virusologiya ilmiy tekshirish instituti xodimi emas.

"Hozir ayni shu masala bo`yicha surishtiruv olib boryapmiz va to`liq ma`lumot bo`lishi bilan xabar beramiz. Ammo dastlabki xulosalar bo`yicha aytish mumkinki, aynan bu ayol virusologiya ilmiy tekshirish institutida shifokor yoki hamshira bo`lib ishlamaydi. Bu masalaga institut rahbariyati tomonidan ham aniqlik kiritildi. Ayolning o`zi ham qaysi shifoxonaning qaysi bemorlari og`ir ahvolda ekanligini aniq aytmagan. Bu tibbiyot xodimi qaerda ishlashi haqida surishtiruvlar olib boryapmiz.

Eng muhimi, koronavirusga chalingan bemorlar soni va ularning ahvoli haqida muntazam axborot berib kelyapmiz va ehtiroslarga berilgan holda aholi orasida sarosima chiqarishga hojat ham yo`q, buning uchun javobgarlik ham belgilangan.

Eslatib o`taman, bu hozircha dastlabki xulosalar va aniq axborot, qo`shimcha yangilik bo`lishi bilan e`lon qilamiz", dedi Furqat Sanaev.

Шарҳлар