13

150 o`zbek avtomobili Ufada sarson bo`lib yurgani haqiqatga zid, tuhmat qilgan bloger ustidan ariza kiritdik – «O`zavtosanoat»

Jamiyat 26.03.2020, 08:28
549
150 o`zbek avtomobili Ufada sarson bo`lib yurgani haqiqatga zid, tuhmat qilgan bloger ustidan ariza kiritdik  – «O`zavtosanoat»

Andijonlik bloger Otabek Nuriddinov Telegram’dagi kanalida 150 Cobalt, Spark, Gentra mashinalari bilan ortilgan 50 ta yuk mashinasi 23 kundan beri Tataristonning Ufa shahrida sarson bo`lib yurgani, mehmonxonada tunash uchun pullari yo`qligi bois mashinada yotib yurgani haqida yozgan. “O`zavtosanoat” AJ matbuot xizmatining yozishicha, bu ma`lumot haqiqatga zid. Bu haqda "kun.uz" yozdi.

“Kecha yordam so`rab bir fura haydovchisi murojaat qilgandi. 2 mart kuni ortilgan mashinalar bilan Ufa shahriga etib borishgan. Tamojnya bularni qabul qilmagan, chunki kutib olishi kerak bo`lgan diler tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan.

Oradan bir necha kun o`tib dilerning Rustam ismli ishchisi kelib, vaziyat bilan shug`ullanishini aytgan va shu bo`yi yo`q bo`lib ketgan. U 20 mart kuni qaytib kelgan va busiz ham og`ir vaziyatda qolgan haydovchilar bilan qo`pol muomalada bo`lgan. Shu joyda janjallashib ketishgan va haydovchilar holatni videoga olishgan”, deb yozadi Otabek Nuriddinov.

Blogerning haydovchilarga tayanib ma`lumot berishicha, diler UzAuto Motors zavodiga mashina jo`natmaslik haqida xat jo`natgan, shunga qaramasdan Ufaga 50 yuk mashinasida O`zbekistonda ishlab chiqarilgan 150 ta avtomobil jo`natilgan. Dilerning vakillariga ko`ra, avtozavod eksport statistikasini oshirish uchungina bu ishni amalga oshirgan.

“Ufadagi diler omborlari to`laligini aytib, bironta ham mashinani qabul qilmagan. Hozirda “fura”larning bir qismi Moskvaga yo`l olmoqchi, lekin u erda ham mashinalar qabul qilib olinishiga kafolat yo`q. Har bir “fura” uchun o`rtacha 50-100$ atrofida kunlik to`lov to`lanishi kerak ekan. Bu degani har bir kun uchun 50 ta “fura”ga 2500-5000$. Endi buni 23 kunga ko`paytirilsa... “Avtoprom”imiz qancha ziyon ko`rayotganini tasavvur qilish qiyin emas”, deb yozadi Otabek Nuriddinov.

“O`zavtosanoat” aksionerlik jamiyati matbuot xizmati AJ matbuot xizmati rahbari Zumrad Shojalilovaning bildirishicha, kompaniyaga tuhmat qilgani uchun bloger ustidan huquq-tartibot organlariga ariza kiritilgan.

“Yuqorida ko`rsatilgan xabar haqiqatga zid bo`lgani sababli biz muallif ustidan huquq-tartibot organlariga murojaat qilishga majbur bo`ldik. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 40-moddasi V Bobiga muvofiq Tuhmat, ya`ni bila turib yolg`on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Bu haqda post muallifi shaxsiy xabarnoma orqali xabardor qilingan”, deydi u.

Avvalroq “O`zavtosanoat” UzAuto Motors engil avtomobillarning yangi narxlarini e`lon qilganidan so`ng mashinalarga talab pasayish o`rniga ko`payganini ma`lum qilgan, biroq oldingi oyda ko`rsatkichlar qanday bo`lgani haqidagi ma`lumotlarni taqdim etmagan, natijada kompaniya bergan ma`lumotlarni solishtirish imkoniyati bo`lmagan edi.

 

Шарҳлар