O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining ustuvor tamoyillari BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining “O`zbekiston hukumati tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” deb nomlangan rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Hujjat BMTning barcha rasmiy (rus, ingliz, arab, xitoy, fransuz va ispan) tillariga tarjima qilinib, tashkilotga a`zo davlatlarga tarqatildi va BMTning rasmiy hujjatlari tizimiga joylashtirildi.
Hujjatda mamlakatning iqtisodiy o`sishi va ijtimoiy rivojlanishining asosiy ko`rsatkichlari, aholi farovonligini oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo`yicha olib borilayotgan tub islohotlar aks ettirilgan. Xususan, unda qonun ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish, institusional salohiyatni oshirish va kuchli demokratik institutlarni shakllantirish davlat siyosatining 2020 yildagi ustuvor yo`nalishlari bo`lib qolishi ta`kidlangan.
Hujjatda O`zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga alohida e`tibor berayotgani qayd etilgan. Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “yashil belbog`” — himoya daraxtzorlari yaratish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, dengizning qurib qolgan tubida o`rmonzorlar barpo qilishni kengaytirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar davom ettirilishi aytilgan. Shu o`rinda O`zbekiston tashabbusi bilan tashkil qilingan BMT shafeligidagi Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida trast fondi faoliyati va hukumatning tashkilot doirasidagi ishlarni faollashtirishga yo`naltirilgan amaliy qadamlariga alohida e`tibor qaratiladi.
Shuningdek, 2021 — 2023 yillarga mo`ljallangan BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zo bo`lish va Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyani tashkilot doirasida ilgari surish bo`yicha O`zbekiston tomonidan olib borilayotgan izchil choralar alohida qayd etilgan.
Murojaatnoma ustuvor tamoyillarining BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida e`lon qilinishi O`zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlarning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi va qo`llab-quvvatlanishiga yaqqol dalildir.
26.03.2020 08:42
Shavkat Mirziyoevning Parlamentga Murojaatnomasidagi ustuvor tamoyillar BMT rasmiy hujjati sifatida tarqatildi
