13

Jo Bayden Prezidentlik uchun kurashni erto`lada davom ettirmoqda

Dunyo 26.03.2020, 16:23
500
Jo Bayden Prezidentlik uchun kurashni erto`lada davom ettirmoqda

Davlat rahbarligiga saylovlarda Demokratik partiyadan nomzodlik o`rnini qo`lga kiritish uchun kurash olib borayotgan AQShning sobiq vise-prezidenti Jo Bayden shu kunlarda siyosiy faoliyatni Delaver shtatidagi uyi erto`lasida davom ettirishga majbur. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar tarqatgan.

Avvallari Bayden dam olish xonasi sifatida foydalangan erto`la endilikda televizion intervyular, videomurojaatlar yozib olish uchun moslashtirildi. Afsuski, da`vogarning chiqishlari aks etgan lavhalarda “studiya”dagi sharoit haminqadar ekani bilinib qolgan. Erto`lada joylashgan xonaning yorug`ligi videomateriallar sifatli chiqishini ta`minlay olmayapti, yasama sahna talabga javob bermaydi. Gazetada yozilishicha, hatto, siyosatchining ayrim tarafdorlari ham vaziyatni salbiy baholashgan. Ya`ni Baydenning intervyusi namoyish etilgan lavhani terrorchi bosqinchilar, garovga olinganlar bilan bog`liq tasvirlarga o`xshatishgan.

Shundan keyin Bayden ijtimoiy tarmoq orqali videokonferensiya shaklida chiqish qilishni ma`qul ko`rdi, biroq bu usul ham OAVning tanqidiga uchradi. Zero, 13 mart kuni “Facebook Live” kanalida efirga uzatilgan translyasiya texnik muammolar sabab ketma-ket uzilishlar bilan, atigi to`rt daqiqa davom etdi. Translyasiya paytida bir necha bor “qovun tushdi”. Avvaliga Bayden kimdandir “Men to`g`ridan-to`g`ri efirdamanmi?” deya so`radi. Keyin esa umuman kadrdan chiqib ketdi. Bu tafsilotlarni “New York Post” o`z sahifalarida keltirgan.

Joriy yilning noyabrida 78 yoshga to`ladigan sobiq vise-prezident, mana bir necha haftadirki, AQShda koronavirus infeksiyasi keng tarqalganligi sababli uy rejimiga rioya qilishga majbur. Bu holat prezidentlik poygasida olib borilayotgan kampaniya jarayonida unga katta qiyinchiliklar keltirib chiqardi. 17-23 mart oralig`ida, ya`ni respublikachilar partiyasidan bo`lajak nomzod, AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp har kuni brifinglar uyushtirib, OAVga ketma-ket intervyular berayotgan bir paytda Jo Bayden umuman omma oldiga chiqa olmadi, teleefirlarda ham ko`zga tashlanmadi.

So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodlikni qo`lga kiritish uchun kurashda peshqadamlik qilayotgan Baydenni hozircha 1215 delegat-saylovchi qo`llab-quvvatlamoqda. Unig raqibi, senator Berni Sanders esa 910 ovozga ega. Qoidaga binoan, saylovlarda qatnashish huquqini naqd qilishi uchun nomzodni eng kamida 1991 delegat tanlashi shart. Respublikachi nomzodlar orasida yaqqol ustunlikka ega bo`lgan Tramp allaqachon o`zi uchun etarli ovoz to`plab oldi.

Шарҳлар