AsosiyJamiyat

Tashqi ishlar vazirligi: 16000 dan ziyod O`zbekiston va 2000 dan ortiq chet el fuqarolari vatanga qaytishni so`rab murojaat etdi

'Tashqi ishlar vazirligi: 16000 dan ziyod O`zbekiston va 2000 dan ortiq chet el fuqarolari vatanga qaytishni so`rab murojaat etdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi koronavirus tarqalishiga qarshi olib borilayotgan ishlar yuzasidan o`tkazilgan brifingda ishtirok etib, ayni vaziyatda vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ta`kidlanishicha yangi turdagi koronovirusning tarqalishi natijasida dunyoning ko`plab davlatlari qatorida O`zbekistonda ham keskin choralar ko`rilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va hamkorlar bilan birgalikda o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davom etmoqda.

Hamyurtlarimizning chet el hududida qonuniy bo`lib turishlari uchun viza va boshqa turdagi ro`yxatdan o`tish masalalarini hal qilishda amaliy ko`mak berilmoqda.  

Xususan, Rossiyaning migrasiya qonunchiligini buzgan O`zbekiston fuqarolariga nisbatan jazo choralar ko`rishni vaqtincha to`xtatib turish to`g`risida kelishuvga erishildi. Bu kabi muzokaralar Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa davlatlarning tegishli idoralari bilan ham olib borilmoqda.

Ikki nafar fuqaromizga og`ir jarrohlik operasiyasini amalga oshirish uchun Toshkentdan Moskvaga yetkazishda amaliy yordam ko`rsatildi.

Evropa investisiya banki kredit liniyasi va boshqa manbaalar asosida koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy asbob-uskunalar va jihozlarni sotib olish masalasi ishlab chiqildi.

Koreya universiteti professori Soy Chje Ukani O`zbekistonda koronavirusga qarshi kurash bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishda maslahatchi sifatida taklif qilish masalasi ishlab chiqildi.  

Xitoydan yuqori malakali va tajribali mazkur yo`nalishdagi 5 mutaxassisni O`zbekistonga jalb qilish masalasi hal qilindi.

O`zbekistonning vakolatli organlari va Singapur, Xitoy, AQSh va boshqa davlatlarning tibbiyot uskunalarini ishlab chiqaradigan tashkilotlari o`rtasida hamkorlik o`rnatishda amaliy yordam ko`rsatildi.

Koronavirusga qarshi kurashda xorijiy davlatlar tajribasi muntazam o`rganilmoqda va O`zbekistonning vakolatli tashkilotlariga etkazilmoqda.

Hozirgi vaqtda Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida chet-eldagi fuqarolarimizni vatanga qaytarish va charter reyslarini tashkil etish eng asosiy masala bo`lib qolmoqda.  

23 martdan e`tiboran qo`shni davlatlar bilan chegara o`tkazish punktlari yopilishi munosabati bilan O`zbekistonning Qozog`iston va Qirg`iziston bilan chegaralarida ko`plab fuqarolarimiz to`planishi kuzatilmoqda. Xususan, TIVga kelib tushgan ma`lumotga ko`ra 25 mart soat 19.00 holatiga ko`ra Qozog`istondan 1 450 dan ortiq, Qirg`izistondan 550 dan ortiq fuqarolarimizni uyushgan holda chegaradan o`tkazish masalasi hal qilindi.

26 mart holatiga ko`ra Operativ shtablarga 16 000 dan ziyod O`zbekiston fuqarolari va 2000 dan ortiq chet el fuqarolari vatanga qaytishni so`rab murojaat etdilar. Qaytishni istagan fuqarolarimiz ro`yxati muntazam yangilanmoqda va Davlatimiz rahbari topshirig`iga binoan tuzilgan Respublika maxsus komissiyasi va vakolatli tashkilotlarga kundalik ravishda etkazilmoqda.

TIV va xorijdagi vakolatxonalarimizga minglab murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida Rossiya, Turkiya, Misr, Hindiston, Malayziya, Koreya Respublikasi, Indoneziya, Tailanddan 20 ta charter reyslari orqali jami 5000 ga yaqin fuqarolarimiz O`zbekistonga qaytarildi.

Charter reyslarini tashkil etish uchun yetarli murojaat bo`lmagan taqdirda ham fuqarolarimizni xorijdan qaytarish ishlari olib borilmoqda. Xususan, Misrdan 4 nafar, AQShdan 7 nafar, Shri Lankadan 4 nafar fuqarolarimiz boshqa davlatlar orqali O`zbekistonga qaytarildi.

Xorijdagi fuqarolarimiz orasida yangi turdagi koronavirusga chalingan 1 ta holat qayd etilgan bo`lib, ushbu bemor hozirda Avstriyada karantinga olingan, ahvoli yaxshi va kasallikning yengil formasi tashhisi qo`yilgan. Vaziyat Elchixonamiz doimiy nazoratida.

Boshqa yangiliklar