Prezident Shavkat Mirziyoev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo`yicha O`zbekiston ahliga yana bir bor murojaat qildi.
"Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir. Xalqimiz jipslashib, shifokorlarning barcha tavsiyasi, ko`rsatmalariga amal qilsalar, odamlarimiz karantin davrida hayotiy zaruratsiz o`z xonadonlarini tark etmasa, kasallikning ilk belgilari aniqlanganda, uni yashirmay shifokorlarga o`z vaqtida murojaat qilsalar, biz bu kasallikni, albatta, engamiz!
Koronavirusga qarshi kurashishdagi o`ziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo`ladi. Kasallarga o`z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.
Dunyo bo`ylab, xususan, mamlakatimizda shifokorlarning o`z kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sog`lig`i yo`lida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun jasorat namunasi bo`lmoqda.
Shu sababli, fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini muhofaza qilishga qo`shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini e`tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitar-epidemiologik va boshqa xodimlarni qo`shimcha ijtimoiy hamda moddiy qo`llab-quvvatlash maqsadida alohida qarorni imzoladim.
Karantin amal qiladigan muddatda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob`ektlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar, epidemiologlarga har oyda qo`shimcha 25 million so`m, hamshira va laborantlarga 15 million so`m, sanitar xodimlarga 10 million so`m va boshqa xodimlarga 5 million so`m rag`batlantirish to`lovlari beriladi.
Bundan tashqari, bemorlar bilan ishlash vaqtida koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga 100 million so`m miqdorida alohida to`lov beriladi.
Hurmatli tibbiyot xodimlari, o`z hayoti va sog`lig`ini garovga qo`yib, pandemiya bilan kurashayotgan shifokorlar, hamshiralar, sanitar xodimlarga butun O`zbekiston xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.", dedi davlat rahbari.