Bugungi kunda mamlakatimizda Covid-19 infeksiyasiga qarshi jiddiy kurash olib borilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan tezkor chora-tadbirlar haqida Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi.
Xususan Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida har biri ming kishilik modul kasalxonalar va karantin punktlarini jihozlash ishlari boshlandi.
Yig`ilishda aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Sog`liqni saqlash va moliya vazirliklariga 300 mingta ekspress-test va 500 ta sun`iy nafas oldirish apparati xarid qilish, xavf yuqori bo`lgan aholi punktlarida ko`chma laboratoriyalar tashkil etish vazifasi qo`yildi.
Shifokorlarimizga amaliy yordam berish va ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, tibbiyot niqoblari ishlab chiqarishni kuniga 5 million donaga etkazish bo`yicha topshiriqlar berildi.