Rasman: Bugundan boshlab Buxoro shahriga kirish va chiqish to`xtatiladi

Jamiyat 27.03.2020, 07:58
282
Rasman: Bugundan boshlab Buxoro shahriga kirish va chiqish to`xtatiladi

Bugun,  27 martdan boshlab Buxoro shahriga kirish va chiqish to`xtatiladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi ma`lum qildi. 

Viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta`minlash, fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo`ylab tarqalishini oldini olish maqsadida maxsus komissiya qaroriga ko`ra, 2020 yil 27 mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Buxoro shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Buxoro shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va engil avtotransport) to`xtatiladi.

Buxoro shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog`liq hollarga, shuningdek, Buxoro shahrida doimiy yashovchi (ro`yxatdan o`tgan) shaxslarga Buxoro shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Buxoro shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig`iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas`ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Шарҳлар