Odamlar qiziq. Ko`rmay, guvohi bo`lmay turib, shunchalar ishonch bilan gapirishadiki, hayratdan yoqa ushlaysan kishi. O`tgan hafta internet olami, ijtimoiy tarmoqlar xususan whatsapp, telegram deganlari tinim bilmadi. Hammaning og`zida bir gap: “O`zbekiston xalq artisti, el ardog`idagi aktrisa To`ti Yusupova olamdan o`tibdi”. Bu xabar butun Respublika bo`ylab tarqalib, tahririyatimizga ko`plab qo`ng`iroqlar bo`ldi. Bu gapga oydinlik kiritish maqsadida O`zbek milliy akademik drama teatriga, so`ng O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupovaga qo`ng`iroq qildik. Go`shakni aktrisaning o`zi ko`tardi.
To`ti Yusupova, O`zbekiston xalq artisti:
— (kulib) Xudoga shukr, soppa-sog`man. Ortiqcha shov-shuv ko`tarishga hojat yo`q. Ayni damda biroz tobim bo`lmay kasalxonada davolanayotganim uchun ham shunday gaplar tarqalgandir. Tez orada ishga, muxlislarim yoniga qaytaman.
P\S: Yodingizda bo`lsa gazetamizning o`tgan sonlarida qoraqalpog`istonlik sayyoramizning eng keksa ayoli —135 yoshli To`ti momo Yusupova haqida maqola chop etgan edik. Ma`lumotlarga qaraganda, to`rtko`llik To`ti momo o`tgan hafta vafot etgan. Tushunmovchiliklar sabab ko`pchilik uni aktrisa bilan adashtirgan.
Marhumaning oila a`zolariga hamdardlik bildiramiz. O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupovaga esa uzoq umr, mustahkam sog`lik tilaymiz.





