Oxirgi ikki kun ichida AQShning Nyu-York shahrida har 17 daqiqada koronavirusdan bir kishi vafot etmoqda. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp bunday ayanchli holatga qaramay shahar joylashgan Nyu-York shtatida karantin kiritilmasligini e`lon qilgan.
Bu haqda The New York Post nashriga tayanib Kun xabar bermoqda.
Umumiy hisobda Nyu-Yorkda koronavirus qurbonlari soni 450 kishini tashkil qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, shaharda tibbiy xodimlarning chaqirtirilishi soni 40 foizga oshgan. Shoshilinch yordam bo`limlariga har kuni 6,5 mingtagacha qo`ng`iroq kelib tushmoqda. Bu orada Nyu-York o`t o`chirish departamenti vakillari tez yordamga favqulodda holatlarda, misol uchun yurak va o`pka bilan muammolar bo`lgandagina qo`ng`iroq qilishga chaqirgan.
Nyu-York shifoxonalaridan birining shifokori Stiv Kassapidis shaharda yuz berayotgan vaziyatni og`ir deb atagan. Uning ta`kidlashicha, shifokorlar kasallanganlarni qabul qilishga ulgurishmayapti.
Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-York shtati va unga qo`shni Nyu-Jersi va Konnektikut shtatlarida karantin kiritilmasligini ma`lum qilgan. Uning ta`kidlashicha, bunga hojat yo`q.
Trampning ta`kidlashicha, federal hukumat karantin o`rniga bu hududlarda rasmiy taqiq kiritishsiz aholi harakatlanishini cheklashga chaqiradi. AQSh prezidenti bunday qarorni Oq uyning koronavirusga qarshi kurash bo`yicha mutaxassislari jamoasi va yuqorida nomi tilga olingan shtatlar gubernatorlari bilan maslahatlashuvlardan keyin qabul qilgan. Tramp kasalliklar nazorati va profilaktikasi markaziga harakatlanishni qat`iy cheklashga chaqiriqlarni e`lon qilish vazifasini topshirgan.
Oxirgi ma`lumotlarga ko`ra, AQSh koronavirusdan kasallanish holatlari bo`yicha dunyoda 1-o`ringa chiqdi. Mamlakatda kasallanganlar soni 124 mingga yaqinroqni, vafot etganlar soni 2227 nafarni tashkil qilmoqda.