Moskva shahrining barcha aholisi uchun, yoshidan qat`i nazar 30 martdan boshlab uy sharoitida o`zini o`zi izolyasiyalash rejimi joriy etildi. Bu haqda Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyaninga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi, deya yozdi Daryo.
Ta`kidlanishicha, quyidagi hollarda kvartiradan chiqishga ruxsat beriladi:
Tez tibbiy yordamga murojaat qilish yoki hayot va sog`liq uchun to`g`ridan-to`g`ri xavf tug`diruvchi boshqa biror xatar tug`ilganida;
Ishga qatnash uchun;
Yaqin atrofda joylashgan dorixona yoki do`kondan xaridlarni amalga oshirish uchun;
Uy hayvonlarini ko`chada sayr qildirish uchun, bunda yashash joyidan 100 metrdan uzoqlashib ketmaslik lozim;
Chiqindilarni olib chiqib tashlash uchun.
Bundan tashqari, ish joyida bo`lishi lozim bo`lgan moskvaliklar ishga qatnashlari mumkin.
Ko`chalarda yoki transport vositalarida harakatlanganida odamlar bir-birdan 1,5 metr oraliq masofani saqlashlari kerak. Taksilar bundan istisno.
Yaqin kunlardan boshlab ko`chaga faqat maxsus ruxsatnoma bilan chiqish mumkin bo`ladi. U Moskva hukumati tomonidan belgilangan tartibga ko`ra, poytaxt aholisiga tarqatiladi.
«Yaqin haftalar ichida uy rejimiga rioya qilinayotganini va fuqarolarning harakatlanishini nazorat etuvchi aqlli rejim ishga tushiriladi. Asta-sekin, lekin barqaror ravishda biz ushbu vaziyat uchun zarur bo`lgan nazoratni kuchaytiramiz», — deydi Sergey Sobyanin.
Ta`kidlanishicha, uy rejimida izolyasiyalanish fuqarolarning Moskvaga kelish yoki shahardan ketish huquqlarini cheklamaydi.
Shuningdek, shahar meri koronavirus sabab ish joyidan ayrilgan moskvaliklarga kompensasiya to`lash to`g`risida buyruq bergan. Imtiyozlar va yangi to`lovlarning umumiy miqdori oyiga 19,5 ming rublni tashkil etadi. Pullar to`lash arizasiz, avtomatik tarzda belgilanadi.
So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Rossiyada COVID-19 koronavirus bilan kasallanganlar soni 1534 kishiga etgan.
Ma`lumot uchun: avvalroq Rossiya COVID-19’ni davolashda foydalanishi mumkin bo`lgan preparat nomini e`lon qilgandi. Dunyo bo`yicha koronavirusga chalinganlar soni 680 ming kishidan oshdi, qurbonlar soni 31 mingdan ziyod. O`zbekistonda 29 mart Toshkent vaqti bilan soat 20:15 holatiga ko`ra, 144 kishi kasallangan, ikki kishi vafot etgan, etti kishi sog`aygan.