Xabaringiz bor, kuni kecha O`zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarning 7 nafari butunlay sog`aygani e`lon qilindi. Ana shu tuzlgan insonlardan biri o`z kechinmalarini Qalampir muxbiri bilan bo`lishdi.
—Kasallik aniqlangan vaqtni eslaysizmi? O`sha kunlari qanday voqealar yuz berdi?
— O`sha kuni qulog`im og`riyotgan edi. Qulog`im yaxshi eshitmay qoldi. O`zimning yashash joyimdagi shifokorga uchrashdim. Shifokor tekshirgach, 1-shahar shifoxonasiga yo`llanma berdi. U erda yotib davolana boshladim. Shifoxonadan chiqishimga bir kun qolganda u erda karantin e`lon qilindi. Shifoxonadan hech kimni chiqarishmadi. Keyin bilsak, biz yotgan shifoxonadan 1 nafar koronavirus bilan kasallangan bemor chiqqan ekan. Shu bilan o`sha erda qolib ketdik.
— Kasallik boshqa kasalliklardan (masalan gripp) farq qiladimi? Shifoxonadagi sharoitlar haqida nimalar deya olasiz?
— Men doim jismoniy mehnat bilan band bo`lganim sabab kam kasallik ko`rgan insonman. Kasallikni deyarli sezganim yo`q. Faqatgina qulog`im og`ridi. Hozir hammasi joyida. Sog`lomman. Shifoxona karantinga olinganidan bir oz vaqt o`tib, men va bir qancha bemorlar Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga joylashtirildik. Shifoxonada barcha sharoitlar joyida ekan. Bizga shifokorlar yaxshi qarashdi. O`z vaqtida ovqatimizni berishdi. Muntazam nazorat qilishdi. Bemorlarga o`z vaqtida muolajalar qilinmoqda. Baraka topishsin, tinim bilishmaydi.
— Shifoxonada yotgan vaqtingizda nimalarni his qildingiz? Yaqinlaringiz bilan aloqada bo`lib turdingizmi?
— Yaqinlarimni juda sog`indim. Mana bir yarim oydan ortiqroq vaqt o`tdi. Ularni ko`rgim keladi.Yaxshiki, mening telefonim oddiy markali edi. Unda kamera va boshqa qurilmalar mavjud emas. Shu sababli mening telefonimni olib qo`yishmadi. Uyimdagilar bilan qo`ng`iroqlashib turdik. Ularni ham uy sharoitida karantinga olishgan ekan. Telefon baribir telefonda, ko`rish, issiq bag`ringga bosish boshqacha!
— Kasallik bilan olishib sog`lom hayotga qaytdingiz. Oramizda bu virusni jiddiy olmayotganlar talaygina?
—Hamma kasallanganlarning shifosini bersin. Yaqinlarining oldiga eson-omon qaytib olsin. Ayrim karantindan qochayotgan fuqarolar haqida eshityapmiz. Prezident va uning jamoasi bekorga bu siyosatni qilayotgani yo`q. Hukumat bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Hamma ularning aytganini qilishi kerak. Aytilgan gaplarga quloq solsak, tartibni buzmasak, koronavirusni osonlikcha engib o`tamiz. Barchasi o`zimizga bog`liq. Alloh hammamizni o`zi saqlasin.