Italiyaning Rim shahridagi Nuova clinica Annunziatella kasalxonasining koronavirusga chalinganlarni davolash bo`limi boshlig`i Massimiliano Brunolo shifokorlar qanday qilib COVID-19’ni yuqtirib olishi mumkinligi haqida gapirib berdi. Bu haqda «RIA Novosti» ga tayanib xabar berilmoqda.
Uning aytishicha, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarga yordam beruvchi shifokorlar himoyalanish uchun zarur vositalarga ega va juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilsa ham koronavirus yuqtirib olishi mumkin.
«Bizning ishimizda favqulodda vaziyatlar paydo bo`lishi mumkin, masalan, traxeya intubasiyasi paytida. Bu odatda og`ir ahvoldagi bemorlarga yordam berish paytida sodir bo`ladi. Bunday hollarda virus bilan bevosita aloqa qilmaslik juda qiyin. Xatar doim bo`ladi va biz, shifokorlar, hech qachon qo`rqmaymiz desam, mubolag`a bo`ladi. Shunga qaramay biz o`z vazifamizni bajarib, odamlarga yordam beramiz», — degan u.
«Buning sababi ishimizni astoydil bajarishimiz, avval bemor, keyin o`zimiz haqimizda o`ylashimizdir», — deya qo`shimcha qilgan shifokor.
Eslatib o`tamiz, Italiya koronavirusga chalinganlar bo`yicha Evropada birinchi o`rinda turibdi. Butun mamlakat bo`ylab koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 12 428 kishiga etdi, kasallar soni esa 105 ming kishidan oshdi.
Italiya Sog`liqni saqlash oliy instituti ma`lumotlariga ko`ra, epidemiya davomida 8 358 nafar italiyalik tibbiyot xodimlari koronavirus yuqtirib olgan, ulardan 63 nafari vafot etgan.