my5

Zafar Xoshimov: "O`z xalqingga do`stmisan yoki dushmanmisan?.."

Iqtisodiyot 01.04.2020, 17:24
Теглар: Zafar Xoshiov, go`sht, kartoshka
1023
Zafar Xoshimov: "O`z xalqingga do`stmisan yoki dushmanmisan?.."

Bir narsaga rosa hayronman, o`zi bir murakkab vaqtlardan o`tayotgan bo`lsak, odamlarning asabi shusiz ham ancha tortilgani aniq, nega shu ahvolda ba`zilar xalqning yana jig`iga tegish, odamlarni yanada g`azablantirish bilan mashg`ul bo`lar ekan-a?!

Biri kontrfilening rasmini olib, “korzinka'da mol go`shti 84 ming so`m bo`libdi”, deb yozsa, boshqasi yosh «barracha» kartoshkaning narxini olib, “korzinka'da kartoshka 18 ming so`m bo`libdi”, deb jar solsa...

Mayliku, “Ozodlik” hech qachon xalqimizga do`st yoki g`amxo`r bo`lmagan, lekin nahotki o`z vatandoshlarimiz ham shu kabi provokasiyalarni qo`zg`atish naqadar jirkanchli amal ekanliklarini bilmasalar?

Bu vahima xabarlarning barchasida na xolislik va na haqgo`ylik bor. Xalq asabi tortilganidan foydalanib, o`ziga piar qilish bilan ovora bu insonlar, lekin amallarining qanday oqibatlarga olib kelishidan ular mutlaqo bexabar, chog`i. Men shu erda atayin Ikkinchi jahon urushi davrida vahima va provokasiyalar tarqatuvchilar haqidagi plakat suratini joylashtirdim, shoyad, shu kimsalarga saboq bo`larmikan, degan umiddaman.

Nega ular bu amallarini qasddan qilgan, deyishimning boisi, kichkina rangsiz 3sm x 7 sm narxnomalarni ko`rib, katta A4 formatdagi sap-sariq narxnomani ko`rmaslikning aslo imkoni yo`q.

Nahotki 83990 so`mlik antrekot rasmini olgan inson, yonidagi 48990 so`mlik chiroyli mol go`shtining rasmini ko`rmagan bo`lsa, yoki 17990 so`mlik yap-yangi yosh kartoshkani suratga tushirib, uni dostonlarga tushirayotgan insonlar, mayli, barracha yosh kartoshkaning farqiga borishmas, lekin, qanday qilib, tog` bo`lib uyilib yotgan 3500 so`mlik kartoshkani payqamay o`ta olishgan ekan?

Bu postim shu kabi provokasiyalar mualliflariga emas, ularga Alloh bas kelsin, mening aziz o`quvchilarim, Sizlarga atalgan. Hushyor bo`ling, xalqimizga qarshi bunday fitna, nayranglarga uchmang. Aminmanki, go`zal sabr va xayrli amallarimiz ila bu mashaqqatlarni tez orada engib o`tamiz va ko`rmagandek bo`lib ketamiz. Shu postni, iloj topsangiz, do`stlaringiz bilan bo`lishing, ular ham hushyor bo`lsinlar. 

Hozircha esa, korzinka.uz'ning 4 ming kishilik jamoasi xizmatingizga samimiy muntazir turibdi.

Uyingizni behojat tark etmang, o`zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling.

Zafar Xoshimov, tadbirkor

#biz_siz_haqingizda_qayguramiz

Шарҳлар