AsosiyJamiyat

Dubaydan kelib, Qibraydagi sihatgohda karantinda bo`lgan 3 erkak va 4 nafar ayol qamoqqa olindi

'Dubaydan kelib, Qibraydagi sihatgohda karantinda bo`lgan 3 erkak va 4 nafar ayol qamoqqa olindi'ning rasmi

Bugun Yuqorichirchiq tuman ma`muriy sudida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) da nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan Sh. Ummatov (1987 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan), K. Aripov (1989 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan), I. Kamilov (1976 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan), D. Mavlyanova (1986 yilda Sirdaryo viloyatida tug`ilgan), Sh. Toshmamatova (1994 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan), F. Nizamova (1988 yilda Namangan shahrida tug`ilgan), P. Rustamova (1990 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan) larga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy sudi matbuot xizmati ma`lum qildi.

Keltirilishicha, 2020 yil 1 aprel kuni soat 20:00 lar atrofida Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Energetiklar” sihatgohida, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridan mamlakatimizga qaytgan va karantinda bo`lgan yuqorida qayd etilgan fuqarolar, belgilangan karantin qoidalariga amal qilmasdan, har xil uyatli so`zlar bilan ushbu sihatgohda saqlanayotgan boshqa fuqarolar va karantin tartibini nazorat qiluvchi xodimlar oldida baqir-chaqir qilishib, ularning tinchligini buzishgan vaqtida, tinchlikni ta`minlash uchun kelgan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat joyida ularni xam uyatli so`zlar bilan so`kishib mayda bezorilik qilishgan.

Sud ularning ayblari ishda to`plangan dalillar bilan o`z tasdig`ini topgan degan xulosaga kelib, 2020 yil 3 apreldagi qarori bilan Sh. Ummatov, K. Aripov, I. Kamilov, D. Mavlyanova, Sh. Toshmamatova, F. Nizamova va P. Rustamovaning har biriga 15 sutkadan ma`muriy qamoq jazosi tayinladi.

Bugungi kunda yurtimizda aholining sog`lig`ini muhofaza qilish maqsadida karantin tartibi joriy etilgan bo`lib, fuqarolarimizni koronavirus infeksiyasidan himoya qilish va ushbu infeksiyaga chalinganlarni davolash borasida izchillik bilan kechiktirib bo`lmaydigan choralar ko`rilayotgan bir vaziyatda, yuqorida qayd qilingan kabi huquqbuzarliklarga murosasiz bo`lish talab etilishi va bu masalada qonun ustuvorligi to`liq ta`minlab borilishi ta`kidlanadi. Zero, karantin tartibiga qat`iy rioya etish har bir fuqaroning burchidir.

    Boshqa yangiliklar