PSJ futbol jamoasi yulduzi Neymar o`z vatani Braziliyaga koronavirusga qarshi kurashish uchun 1 million dollar xayriya qildi.
Dunyodagi eng ko`p maosh oladigan futbolchilar ro`yxatida uchinchi o`rinda turuvchi Neymar ushbu pulning bir qismini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg`armasiga, qolgan qismini braziliyalik taniqli do`sti Luchiano Xuk tashkil etgan xayriya jamg`armasiga topshirdi, deyiladi xabarda.
Hujumchining matbuot kotibi bunga izoh berishdan bosh tortdi va shunday dedi: «Biz hech qachon xayriya mablag`lari va ularning miqdori haqida gapirmaymiz». Neymar hozirda Riodan tashqarida joylashgan kurort shaharchadagi lyuks villasida yashamoqda.
Braziliyalik forvard o`tgan hafta bir guruh do`stlari bilan plyajdagi voleybol maydonchasida dam olayotganining suratlari tarqalgandan so`ng tanqidlarga duch kelgandi. Chunki ayni damda butun dunyo aholisining yarmi, shu jumladan Braziliyadagi ko`plab odamlar ham virus tarqalishini sekinlashtirish uchun uylarida qamalib o`tiribdi.
Uning matbuot kotibi, bu holatga izoh berar ekan Neymar hech qanday mehmonni qabul qilmayotganligini va suratdagi do`stlari bilan «butunlay izolyasiya qilingan» turar joyida karantindaligini aytgan.