Har yili millionlab musulmonlar Islom paydo bo`lgan Saudiya Arabistoniga borib Haj amalini ado etadilar. Bu yil koronavirus pandemiyasi tufayli bu ibodat to`xtatib turiladimi?
Bu savol dunyo bo`ylab millionlab musulmonlar so`rayotgan eng dolzarb masala bo`lmoqda. Saudiya Arabistoni amaldorlari musulmonlardan iyul oyining oxirida boshlanishi kerak bo`lgan Hajga borishni reja qilishdan oldin kutib turishni so`rashgan. Bu haqda tarjumon.uz xabar bermoqda.
«Biz dunyo bo`ylab musulmon birodarlarimizdan Haj rejasini tuzishdan oldin virus haqida ko`proq ma`lumot olinguncha kutib turishlarini so`radik. Biz uchun eng muhimi ziyoratchilarning xavfsizligi va sog`ligidir», dedi Haj va Umra ishlari bo`yicha vazir doktor Muhammad Solih bin Tohir Banten.
Saudiya Arabistoni Sog`liqni saqlash vazirligi Makka va Madinada COVID-19 infeksiyasining tarqalishini nazorat qilish uchun barcha ehtiyot choralarini ko`rdi. Shu paytgacha ikkita muqaddas shaharda jami 480 dan ortiq kasallanganlar qayd etilgan.
O`tgan oyda Qirollik Umra ziyoratini vaqtincha to`xtatib qo`ydi, barcha xalqaro yo`lovchi reyslar noma`lum muddatga qoldirildi va bir qancha shaharlarga kirish va chiqishni to`sib qo`yildi. Ayni damda Saudiya Arabistonida 2,000 dan ortiq kishi COVID-19 bilan kasallangan va 25 kishi vafot etgan.
Ushbu holatda Hajni to`xtatib turish to`g`risida qaror qabul qilinishi deyarli haqiqatga yaqin. Tarixiy faktlarga nazar solsak, Haj ibodati asrlar davomida Haj ma`muriyatiga bog`liq bo`lmagan holatlar tufayli bir necha marotaba to`xtab qolgan.
Qirol Abdulaziz Tadqiqotlar va Arxivlar Fondi (Darah) tomonidan e`lon qilingan xabarga ko`ra, Haj birinchi marta milodiy 930 yilda, Karmatiyaliklar Hajning sakkizinchi kuni ziyoratchilarga hujum qilganida to`xtab qolgan. Ular Abbosiylar xalifaligiga qarshi isyon ko`targan Sevener Ismoiliy shia islomining tarmog`i bo`lgan.
Darah xabariga ko`ra, ushbu qonli hujum tufayli yana 10 yil davomida xaj qilinmadi.
Hajning navbatdagi to`xtab qolishi milodning 968 yilida yuz berdi, deyiladi xabarda Ibn Kasirning «Al-Bidaya val-Nihaya» kitobida. Unda aytilishicha, Makka ichida kasallik tarqalib, ko`plab ziyoratchilar hayotiga zomin bo`ldi.
Ayni shu paytda, ziyoratchilarni Makkaga olib borishda ishlatilgan tuyalar suv etishmasligi tufayli o`ldi.
«Darhaqiqat Makkaga etib borgan tuyalarning ko`plari xuddi shu sabab bilan Hajdan keyin uzoq umr ko`rmadi», deyiladi Darah xabarida.
O`sha davrda Makkaga Haj qilish uchun keladiganlarning ko`pchiligi misrliklar edi. Ammo, milodiy 1000 yilda ular Arabistondagi narx yuqori bo`lgani sababli Hajga borishga qodir bo`lmadilar.
Bundan taxminan 29 yil o`tgach, Hajga sharqdan va Misrdan ziyoratchilar kela olishmadi. 1030 yilda bir necha iroqlik ziyoratchilargina Makkaga hajga bora olganlar xolos.
To`qqiz yil o`tgach, Iroq, Misr, O`rta Osiyo va Shimoliy Arabistonlik musulmonlar xam ibodatni amalga oshirolmadilar. Qirol Abdulaziz universitetining tarix bo`limi boshlig`i doktor Emad Taherning aytishicha, buning sababi shu davrdagi siyosiy tartibsizliklar va mazhablararo ziddiyatlar bo`lgan.
1099 yilda ham butun musulmon olamida urushlar natijasida yuzaga kelgan qo`rquv va xavf-xatar tufayli hech kim Haj qilmagan.
13-asrda Haj yo`li yana to`sildi. Darah habarida aytilishicha, 1256 va 1260 yillar orasida Hijoz mintaqasidan tashqarida yashovchi biron bir kishi Haj qila olmaydi.
Fransiya rahbari Napoleon Bonapartning Usmonli Turklar saltanatiga tegishli bo`lgan Misr va Suriya hududlariga 1798 yildan 1801 yilgacha bo`lgan harbiy yurishlari Makkaga olib boradigan doimiy yo`llarni ziyoratchilar uchun xavfli bo`lishiga olib keldi.
Misrlik akademik va yozuvchi Xani Nasiraning aytishicha, agar dunyo bo`ylab COVID-19 holatlari ko`payib borsa, Hajni to`xtatish to`g`risidagi qaror kutilmagan hol bo`lmasligi kerak.
«Agar ushbu qaror qabul qilinsa, bu oqilona va Islomiy shariatga to`la mos keladigan yo`l bo`ladi. Bunda odamlar hayotini himoya qilish va saqlab qolish maqsad qilingan bo`ladi” dedi u Arab Newsga.
“Muqaddas Qur`onda Olloh taolo aytadi: “O`zingizni o`ldirmang! ”.
Shuningdek, Muhammad sollallohu alayhi vasallam o`z sahobalarini yuqumli kasalliklardan shunday ogohlantirganlar:
«Abdulrahmon ibn Avfdan qilingan rivoyatda Payg`ambar Muhammad sollollohu alayhi vasallam aytganlarki:
«Agar biron mamlakatda o`lat tarqaganini eshitsangiz, u erga kirmang. Agar siz turgan joyda o`lat tarqalsa, u erdan chiqmang. ”
Ushbu hadis vabodan saqlanishning muhimligini ko`rsatib turibdi. ” deydi Nasira.
Nasiraning ta`kidlashicha, COVID-19 ning tarqalishi butun dunyo bo`ylab minglab odamlarning hayotiga zomin bo`ldi va uning zarari tez orada bartaraf etiladiganga o`xshamaydi.
«Hozirda olimlar virus haqida kam ma`lumotga egalar. Unga davo topish tez orada amalga oshmaydi, shuning uchun vaziyat Hajni to`xtatishni talab qiladi. Bu insonlar hayotini saqlab qolish uchundir.» dedi Nasira.
Islomshunos tadqiqotchi Ahmad Al-Gamdi hozirgi vaziyat haqida gapirar ekan shunday dedi:
«Koronavirus kasalligi tarqalishi, siyosiy sabablar yoki xavfsizlik kabi o`ta zaruriy hollarda Haj vaqtincha to`xtatilishi mumkin va bu Islom ta`limotlariga zid bo`lmaydi. Barcha narsaga qodir Alloh bizga o`zimizni xavf ostiga qo`ymasligimizni buyurgan.»