my5

7 apreldan 8 aprelga o`tar kechasi Baroat kechasi. Bu kechada qanday amallar qilinishini bilasizmi?

Jamiyat 07.04.2020, 08:35
6910
7 apreldan 8 aprelga o`tar kechasi Baroat kechasi. Bu kechada qanday amallar qilinishini bilasizmi?

Muborak Ramazon oyi kelishidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bellarini ibodatga mahkam bog`lar edi. U zot odatdagi ibodatlariga qo`shimcha yana ibodat qilar edi. Nafaqat o`zlari, balki ummatlarini ham bunga jalb qilar edi.

U zot sollallohu alayhi vasallam muborak Ramazon oyiga tayyorgarlik ko`rish uchun sha`bon oyining o`n beshinchi kechasida ibodat qilishga va uning kunduzida ro`za tutishga targ`ib qilgan. Bu borada faqat til ila targ`ib qilish bilan kifoyalanmasdan, balki sollallohu alayhi vasallam amaliy tarzda o`zlari hammadan oldin bu maydonda namoyon bo`lar edi. Chunonchi, bu oy kelishi bilan u zotning ibodatlarida odatdan tashqari o`zgarish ko`zga tashlanar edi. Buni Oisha onamizning rivoyatlaridan bilib olsak ham bo`ladi. 

Oisha onamiz aytdilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa oylarda sha`bon oyidagi kabi ko`p ro`za tutganlarini ko`rmadim” (“Sahihi Muslim”). 

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sha`bon oyida ko`p ro`za tutganlarga dalil qilib, alloma imom Navaviy bu oyda ro`za tutishni sunnat deb aytganlar. 

Sharafli sha`bon oyida fazilati ulug` va muborak bir kecha bor. Bu haqda hadisi shariflarda to`liq ma`lumotlar kelgan. Ularni o`rganib, hayotimizga tatbiq etish biz musulmonlarning vazifasidir. Unda bizlar uchun ikki dunyo saodati bor. 

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: 

“Alloh taolo sha`bonning o`n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O`zining sha`niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag`firat qiladi”. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “(Ey Oisha) bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” dedilar. Men “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. 

“Bu sha`bonning o`n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha O`zining bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag`firat so`rovchilarni mag`firat qiladi, rahm so`rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilar qanday bo`lsa, shunday holatda qo`yib qo`yadi”, dedilar. 

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

“Qachon Sha`bonning o`n beshinchi kechasi bo`lsa, uning kechasini bedor o`tkazinglar, kunduzining ro`zasini tutinglar. Chunki o`shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va to tong otgunicha “Qani, istig`for aytuvchi bormi, uni mag`firat qilaman. Qani, rizq so`rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon (deydi)” dedilar”. 

Ibn Moja rivoyat qilgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 

“Beshta kechani kim tiriltirsa (bedor o`tkazsa), jannat unga vojib bo`ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va sha`bonning o`n beshinchi kechalaridir”, dedilar. 

Hadisi sharifda sanab o`tilgan kechalar: 

  1. Sakkizinchi zulhijja kechasi;
  2. To`qqizinchi zulhijja kechasi;
  3. Qurbon iydi kechasi;
  4. Fitr iydi kechasi;
  5. O`n beshinchi sha`bon kechasi.

Ushbu beshta kechaning biri baroat kechasidir. Bu ulkan fazilat va saodatga to`la kechada Mavloimiz Alloh taolo “So`ranglar! So`rganlaringizni berishga tayyorman”, deydi. Shuning uchun u kechani bedor o`tkazib, duolar qabul bo`ladi, degan e`tiqodda duo qilishimiz lozim. 

Muftiy Muhammad Shafi` rahmatullohi alayh aytadilar: “Yuqoridagi hadislardan bu kechaning fazilatlari ma`lum bo`lganidek, musulmonlarga bu kechada quyidagi amallarni qilish sunnat ekani ma`lum bo`ladi: 

  1. Kechani bedor o`tkazib, namoz va zikr, tilovatga mashg`ul bo`lish;
  2. Alloh taolodan mag`firat, oqibat va o`zining dunyo-yu oxiratdagi maqsadlarining hosil bo`lishini duo qilib so`rash”.

Bundan ma`lum bo`ladiki, ushbu kecha uchun biror xos ibodat tayin qilinmagan. Kimning kuchi qancha vaqt Alloh taoloni yod etishga qodir bo`lsa, o`shancha vaqtni Qur`on va hadis tilovati bilan yoki ularni eshitish bilan o`tkazish lozim. 

Demak, qaysi ibodatni qilish oson bo`lsa, o`sha qilinadi. Baroat kechasida o`qiladigan nafl namozlar biror hay`atga ega emas (ya`ni birinchi, ikkinchi rak`atlarida falon-falon suralar o`qiladi, deyilgan joyi yo`q). 

Baroat kechasining qaysi qismini bedorlikda o`tkazish afzal? 

Bu borada Ashraf Ali Tahonaviy rahmatullohi alayh quyidagilarni aytadilar: “Shu o`rinda 

kechaning qaysi birida turish ziyoda fazilatli ekani haqida Qur`on va hadisda bayon qilingan. Ularga ko`ra kechaning oxirida bedor bo`lish mushkul va eng fazilatlidir. Chunonchi, Alloh taolo bu haqda shunday deydi: 

«Albatta, tungi ibodat salmog`i ko`proq va qiroati to`g`riroq bo`lur» (Muzzammil surasi, 6-oyat). 

“Nashiatul layl”ni “Jalolayn”da bir uxlab turgandan keyin ibodatga qoim bo`lish deyilgan. Chunki bu vaqtda turish mashaqqatli bo`lib, u vaqtda qilingan ibodat juda qadrli bo`ladi. Ushbu haqiqat mazkur suraning oxirgi oyatidan ham ma`lum bo`ladi: 

«Albatta, Robbing kechaning uchdan biridan ozrog`ini, yo yarmini, yo uchdan birini qoim bo`lib o`tkazayotganingni va sen bilan birga bo`lganlardan ham bir toifa (shunday qilayotganlarini) biladir. Va Alloh kechayu kunduzni O`zi o`lchaydir. U sizlarning buni hech uddalay olmasligingizni bilib, sizlarga (engillikni) qaytardi. Endi Qur`ondan muyassar bo`lganicha qiroat qilinglar” (Muzzammil surasi, 20-oyat). 

Bedor o`tkazish kerak bo`lgan kechalarda bedor bo`lib, ibodat bilan mashg`ul bo`lish mustahab amaldir. Shuning uchun bu amalni o`z xonadonida oila a`zolari bilan qilish yaxshi va a`lodir. Ushbu kechalarni bedor o`tkazish uchun masjidlarda to`planish mumkin emas. Faqihlar fazilatli kechalarda, jumladan, baroat kechasida masjidlarda to`planishni makruh sanaganlar. 

Baroat kechasida (7 apreldan 8 aprelga o`tar kechasi) xufton va bomdod namozi o`rtasida nafl ibodatlarini ado qilishga e`tibor qilish lozim. Ibodat qila olmasa ham, gunohlardan saqlanishga qattiq e`tibor qaratish, xususan, bu kechaning fazilatlaridan mahrum qiladigan gunohlardan saqlanish zarur. Bu kechada tavba va istig`for aytishga e`tibor qilib, har hil bid`atlardan saqlanish kerak. O`zi va barcha ummat uchun xayrli duolar qilish, toqat etgunicha zikrlar, nafllar, tilovati Qur`onlar qilish, imkon topgan kishilar sha`bonning o`n beshinchi kuni ro`za tutishi baroat kechasining muhim fazilatlari sanaladi.

 

Zayniddin EShONQULOV,

O`zbekiston Musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati bo`yicha vakili,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

Шарҳлар