Mashhur milliarder Bill Geyts hali 2015 yildayoq “agar yaqin orada yuz minglab insonlarni mahv etish kerak bo`lsa, buning uchun urush emas, virus ishlatiladi.
Shuning uchun biz raketalarga qarshi harbiy texnikalar emas, epidemiyaga qarshi kurash tizimiga ko`proq mablag` ajratishimiz kerak bo`ladi” degan edi. Afsuski, u haq bo`lib chiqmoqda.
Bugun birinchi raqamli mavzu – koronavirus! Internetga kirishimiz bilan avvalo u bilan bog`liq xabarlarni izlaymiz. Tobora kattalashib, borayotgan raqamlarni ko`nglimiz bezillagancha, bu baloyi azimning tezroq bartaraf etilishi bo`yicha biror yangilik chiqmadimikin, deya shu mavzudagi ma`lumotlarni izlaymiz. Hammamizni bir xil savol qiziqtiradi: Bu ofat yana qancha davom etadi? U yana qancha odamning umriga zomin bo`lishi mumkin? Uning davomi bormi? Va, eng muhimi...Vaksina qachon tayyor bo`ladi? Bu borada dunyoning turli burchaklarida etuk olimlar ish olib borishmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, koronavirusga qarshi vaksina va preparatlar yaratish bo`yicha qirqdan ortiq ilmiy markazlarda yuzlab mutaxassislar ish olib borishmoqda.
“Evronyus” telekanalining ma`lum qilishicha, vaksina yaratish ba`zida 10-15 yilni talab qiladi. Biroq, Afrikada Ebola virusi tarqalganda, bu borada ishlar tezlashtirilgan, qisqa muddatda vaksina yaratilgan edi. AQSh oziq-ovqat va dori-darmonlar bo`yicha sifat nazorati boshqarmasi rahbari Stiven Xanning aytishicha, koronavirusga qarshi vaksinani yaratish va sinovdan o`tkazish uchun 12 oy talab qilinishi mumkin.
Mart oyining o`rtalarida amerikalik Jennifer Xaller koronavirusga qarshi sinov tariqasida birinchi emlangan inson sifatida tarixga kirdi. Ayni paytda o`z tanasida turli preparatlarni sinab ko`rishga rozilik bildirganlar safi kengayib bormoqda. Agar preparat ular tanasida kutilgan natijalarni bersa, boshqalarda ham bemalol qo`llash mumkin bo`ladi.
Umidbaxsh “poyga”lar
Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, COVID-19 ga qarshi vaksina yaratishda asqotadigan yuzlab ishlanmalar mavjud. Biroq ularning juda oz qismi klinik sinovdan o`tkazilgan. Ulardan biri koronavirusning genetik materialiga ta`sir o`tkazishga qaratilgan.
Fransiyaning Salomatlik va tibbiy tadqiqotlar milliy institutida koronavirus tarkibidagi RNK tuzilishiga mos ravishda vaksina ishlab chiqarish ustida bosh qotirilmoqda. Germaniyaning CureVac kompaniyasi iyun oyida o`z vaksinalarini klinik sinovdan o`tkazishni maqsad qilgan. Evrokomissiya rahbariyati tomonidan mazkur kompaniyaga koronavirusga qarshi kurashga yo`naltirilgan tadqiqotlar uchun 80 million evro mablag` ajratgan.
Fransiyalik mikrobiolog olim Dide Raul birinchi bo`lib, koronavirusni davolashda eng oddiy usul – bezgakni davolashda ishlatiladigan gidroksixloroxin va antibiotiklarni birgalikda qo`llashni taklif qildi. Bu usul Italiya shifoxonalarida ham sinovdan o`tkazildi.
“Koronavirus: najot bormi?”
AQShning Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson universiteti professori Anna Baranova ham koronavirus haqida juda qiziq mulohazalarni ilgari surdi. Lenta.ru nashrining yozishicha, olima uzoq yillardan beri viruslar va ularning o`ziga xos jihatlari haqida ilmiy izlanishlar olib boradi.
Yaqinda internetda uning “Koronavirus: najot bormi?” nomli elektron kitobi juda mashhur bo`lib ketdi. Olimaning qayd etishicha, boshqa epidemiyalar singari bu kunlar ham qisqa fursatda tarixga aylanadi. Ammo, ertami-kechmi Er yuzidagi insonlarning 60-70 foizi bu kasallik bilan to`qnash kelishi mumkin ekan. Faqat, buning uchun aslo vahimaga berilishning keragi yo`q. Chunki, koronavirus infeksiyasi odamdan odamga o`tgani sayin o`zining dastlabki “qudratini” yo`qotib boradi. Bu fanda “attenuasiya” deb ataladi. Bu holat boshqa ko`plab viruslar bilan ham sodir bo`lgan.
Oddiy misol: Covid-19 ilk bor paydo bo`lganida, uning o`lim ko`rsatkichi 50 foizdan yuqori bo`lgan. Ya`ni, bu kasallikka chalingan har ikkinchi odam vafot etgan. Vaqt o`tishi, virus bir tanadan ikkinchisiga o`tib borishi jarayonida bu ko`rsatkichlar ham kamayib kelmoqda. Bora-bora u oddiy gripp, tumov singari mavsumiy o`tkir resperator kasalliklardan biriga aylanib qolishi mumkin.
Bir paytlar koronavirusdan ko`ra dahshatliroq bo`lgan SARS, MERS singari kasalliklar bugun hech kimni bezovta qilmay qo`ydi. Aslida ular hech qaerga yo`qolib ketgani yo`q. Masalan, Yaqin Sharqda asosan tuyalar orqali odamlarga yuqqan MERS virusi bugun ham mavjud. Faqat endilikda tuyalar bilan ishlovchi odamlarda ushbu virusga qarshi antitanachalar shakllangan. Shu bois, endilikda bu kasallik insonlarga xavf sololmaydi.
“Biz, insonlar uchun yangi koronavirus ham tez orada deyarli xavfsiz virusga aylanadi. Buning uchun har birimiz o`ta ehtiyotkor va ogoh bo`lishimiz, u haqidagi bilimlarimizni tobora oshirib borishimiz kerak”, – deydi Anna Baranova.
Rustam Jabborov