my5

«Daraxtlarda shamol uzoq osiyolik yosh shahidga motam tutgan kabi hazin ingradi...»

Mutolaa 17.04.2020, 06:29
4416
«Daraxtlarda shamol uzoq osiyolik yosh shahidga motam tutgan kabi hazin ingradi...»

 Bu adibni xalqimiz juda sevadi, ardoqlaydi. Agar shunday bo`lmaganida oramizda Oybek ismli insonlar bu qadar ko`p uchramasdi. «Na`matak» she`ri yodingizdami: «Yuksakda shamolning belanchagida, Nafis chayqaladi bir to`p na`matak...» Shamolning belanchagi... o`xshatishning betakrorligini qarang-a. Uzr, mavzudan chekinib ketay debman. Bunga, albatta, o`sha beqiyos «Na`matak» «aybdor»!

  Men oddiy bir o`quvchiman. Ulkan adib ijodini tahlil qilish menga yo`l bo`lsin. Shunchaki yodingizga solgim keldi. Ikkinchi jahon urushining tamom bo`lganiga ham 75 yil to`lyapti. Bu g`alabaga o`zbek xalqi ham bemisl hissa qo`shgani tarixiy manbalardan ma`lum. 

  O`zbek xalqining jasorati, fidokorligi urush davri matbuotida, adabiyotida ham keng yoritilgan. Bularning katta qismi frontning oldingi liniyalarida, shiddatli janglarni o`z ko`zlari bilan ko`rgan, yurakdan kechirgan adiblar qalamiga mansub. Adib Oybek ham ularning biridir.

Oybek 1942 yil dekabridan 1943 yilning mart oyiga qadar G`arbiy frontda, Moskva, Voronej, Kursk, Belgorod uchun bo`lgan jang­larda o`zbek jangchilari orasida bo`lib, ularning jasorati, qahramonliklari haqida boy material to`pladi. Bu materiallar keyinchalik uning bir turkum she`rlariga, «Front bo`ylab» yo`l xotiralari, kinossenariy, «Quyosh qoraymas» romanlariga asos bo`ldi.

Adibning o`zi bu haqda shunday yozgan edi: «Og`ir urush yillarida men «Quyosh qoraymas» degan yangi roman ustida ish boshladim. Ulug` Vatan urushi frontlaridagi o`zbek jangchilarini ko`rsatishga harakat qildim. Men artistlar brigadasi bilan frontga borgan bo`lsam ham, u erda brigadadan ajralib qoldim. Chunki faqat sharoitni, kishilarni chuqur o`rganibgina jangchi va komandirlarning qahramonligi haqida asar yozish mumkinligini angladim va frontda uch oy qolib ketdim».

 Ha, bugun «Quyosh qoraymas» haqida sizga birmuncha ma`lumot bermoqchimiz. Adib frontdan qayt­gan zahoti bu roman ustida ish boshlab yubordi. Romanning dastlabki variantidan parchalar «Qizil O`zbekiston» gazetasida, «Armug`on», «Zafar» deb nomlangan almanaxlarda, «Sharq yulduzi» jurnalida e`lon qilib borilgan.

 Roman ustida ishlash materiallar etarli bo`lmagani uchun to`xtatiladi. Oradan anchagina fursat o`tib, puxta tayyorgarlikdan keyingina adib o`z asarini qayta yozishga kirishdi. Va 1957 yil dekabrida romanni yozib tamomladi.

 Mazkur asarning qimmati shundaki, roman urush haqida yozilgan g`oyat o`zbekona asardir. Unda o`zbek jangchilarining fashizmga qarshi mardona kurashlari aks etgan. Urush faqat mardlikdan iborat emas. Qil ustida turgan hayot degani urush, o`lim bilan har lahza yuzma-yuz turmak degani... Dahshatli janglardan so`ng olisda qolgan oilasi, bolalarini o`ylab, tunda yig`lagan jangchini malomat qila olasizmi?!

  Romanning o`zbekonaligini nimada ko`rganimni bilasizmi? Og`a-inilik, jigarchilik munosabatlarida, halok bo`lgan jangchini «Yigitning suyagini ham oltinday aziz bilishimiz kerak», degan tushunchalar bilan uni munosib tarzda tuproqqa qo`yishga intilish, urush ketayotgan bir pallada, g`amga elkadoshlik, duo-yu fotihani «kecha va bugun halok bo`lgan barcha o`zbeklarga» bag`ishlash, bolajonlik... bularni yana uzoq davom ettirish mumkin.

  Keling, roman bosh qahramoni Bektemirning o`ylari haqida o`qiymiz: «Bektemir yo`l chetidagi daraxtning yo`g`on tanasiga orqasini suyab cho`qqaydi... Qandaydir uzuq-yuluq fikrlar, ko`nglini g`ash qiladigan sezgilar uni chulg`ab oldi. Ular besh og`ayni edi. Katta akasi Tohir... ikkinchi akasi Qodir, ukasi Kamol... Kamol keyingi xatlarining birida Latviyada turganini bildirgan edi. Bektemir shu tobda kuchli sog`inch tuydi. O`zi bilan bo`yi teng, birga yumalab-sumalab o`sgan Kamolning bolalikdagi o`yinlari, qiliqlari uning ko`z oldidan jonli, yorqin o`tdi. «Nima bo`ldi ekan, ukam boyoqish? Balki u ham shu erga yaqin joyda, Moskva yonida jang qilayotgandir, balki... ehtimol, o`lgandir...» deb o`yladi, rang-quti oqarib.

Uning qalbida sog`inch va turli xotiralar to`lib-toshardi. U o`zida yaqinlarini ko`rmoqqa, so`zlashmoqqa allaqanday ichki ehtiyoj sezar, so`zlashib, negadir qoniqmaganini his etar edi. ...onasini chuqur minnatdorlik va o`g`illik sevgisi bilan uzoq esladi. «Qaytib ko`ramanmi, yo`qmi?» degan fikr boshidan o`tdi-da, allaqanday mubham va og`rituvchi sezgining turtkisi bilan og`ir xo`rsinib qo`ydi».

 Qanchalar tabiiy, qadrdon tuyg`ular... 

  Urush haqidagi asarlarni qayg`u asarlari, degan bo`lar edim. Nega desangiz, urushda g`oliblar bo`lmaydi. Uzoq yillar g`olib sovet xalqi, deya ta`kidlab keldik. U g`olibmidi?! Millionlab fuqarolari halok bo`lgan xalq g`olib bo`ladimi?! Hamma narsani frontga berib, go`daklar, qari-qartangni och qoldirib, muqarrar o`lim domiga tashlansa-yu, g`oliblik tatiydimi?!

  «Quyosh qoraymas» romanini mutolaa qila boshlasangiz, uni ulkan shoir yozganini his qilasiz.

 O`qiymiz: «Qorong`i tushdi. Jahannamga aylangan jang tingandan so`ng tilka-pora bo`lgan er ham, dud bosgan osmon ham go`yo horg`in, ma`yus nafas olardi».

Bu shoirning tasviri. Yoki chimkentlik Qulumetning gaplariga e`tibor bering-a:

«– Qaytish qiyin. Bu erda o`limning o`rog`i kamalakday katta... Lekin botirdan o`lim ham qochadi».

 Qani edi, shunday bo`lsa. Yot tuproqlarda ne-ne azamat, bahodirlari qoldi, o`zbekning.

  Yana o`qiymiz: «Ko`kda ikki yulduz chaqnadi – ismsiz, majhul askar mozorining shamlari! Daraxtlarda shamol uzoq osiyolik yosh shahidga motam tutgan kabi hazin ingradi».

 «Chekinish yo`li og`ir va behad iztirobli bo`ldi...»

  Endi bu suhbatga e`tibor ­bering: 

« – Xat-pat oldingizmi uydan? – so`radi Bektemir.

 – Yo`q, – javob berdi Hoshimjon. – Bo`ronga yo`liqib halok bo`lgan qushlarday, xatlar ham bu otash bo`ronida kuyib kul bo`ldi shekilli...»

Ha, bu shoirning qalami... Muso Toshmuhammad o`g`li Oybekning qalami.

 O`qiymiz: «Uzoqda tutunlangan o`rmonlar orqasidan samolyotlar paydo bo`ldi. Ular ko`p edi. Ular sichqonga yugurgan mushukday, o`zlarining daf etilmas kuchlarini namoyish qilgan kabi, ishonch bilan kelardi... Bektemir g`ayri shuuriy ravishda okopning devoriga yopishmoqqa tirishdi. Shu ondan boshlab u kuzatishdan, o`ylashdan, tushunishdan ojiz qoldi – yurakni uzib oladigandek mash`um «uv...» bilan bombalar uchdi. Er zilziladay titradi. Havoni tutash, qandaydir vahshiy, dahshatli guldurama qopladi. Go`yo allaqanday sirli kuch, tog`larni bir-biriga urib ag`darganday... Er uyumi fig`on bilan chirpirab, girdob kabi ko`kka ko`tarildi. Bektemirning go`yo nafasi o`chgan, yurakning bolg`aday ko`krakda urganini ham sezmaydi. Chaqchaygan ko`zlari oldida yolg`iz tutun, tuproq, o`lim, hammani komiga tortmoqchi bo`lib quturgan, uvillagan bir bo`ron girdobini ko`rdi».

Bu urushning qiyofasi, bir lahzasi xolos. Adib urush kuzini, qahratonini ham mahorat bilan chizgan, tasvirlagan. Buni faqat o`qish kerak.

 Aziz o`quvchi, Moskva ostonalaridagi qonli, qaqshatqich janglarda o`zbek jangchilarining ishtiroki sizga qiziq bo`lsa, muzaffar jangchi otalarimiz, bobolarimizga ehtiromingiz uchun ham bu romanni o`qing. Asar sevimli adibimizning o`z ko`zlari bilan ko`rgan, guvohi bo`lgan voqealar, jasur yurtdosh­larimiz bilan suhbatlar, front xotiralari asosida dunyo yuzini ko`rgani bilan qimmatlidir. Mutolaa huzuridan bahramand bo`lib, javoningizni yana bir javohir bilan boyiting.

 

Inobat IBROHIMOVA,

«Vatanparvar» gazetasi muxbiri

Шарҳлар