my5
all

Orzulari ko`ksida  ketgan  o`g`lon: To`yga tayyorgarlik ko`rmay turinglar, men uzoqqa ketyapman, qaytmasligim mumkin...

Mutolaa 23.04.2020, 21:19
3409
Orzulari ko`ksida  ketgan  o`g`lon: To`yga tayyorgarlik ko`rmay turinglar, men uzoqqa ketyapman, qaytmasligim mumkin...

Katta serjant Xayriddin Xolboev 2000 yili Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida xalqaro terrorchilarga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib, qahramonlarcha halok bo`lgan. Bu yil avgust oyida ushbu harbiy harakatlarga 20 yil bo`ladi. Demakki, Xayriddinning bu dunyoni tark etganiga ham… U o`shanda 21 yoshda edi. O`t-olov, g`ayratli, orzulari bisyor, kuyovlik sarpolarini kiyishga bir qadam qolgan, to`yi bo`lish arafasida turgan yigit…

       So`x tumanidagi Lemburg qishlog`ida Shodibek aka Xolboevlar oilasining o`z o`rni va hurmati bor. Xayriddin shu xonadonning to`ng`ich farzandi. Oila boshlig`i quruvchi usta. Qishloqdagi va o`sha yon-atrofdagi ko`plab uylarning qad rostlashida Shodibek akaning ulushi katta. Shu bois, oila farzandlari Xayriddin va Shamsiddin ham ustachilikka erta mehr qo`ygan, otalariga yordamchi bo`lishgan. Biroq Xayriddin harbiy soha vakili bo`lishni bolaligidan orzu qilgan, jismonan baquvvat bo`lishga intilgan. Sport bilan shug`ullangan, har tong yugurish mashqini bajargan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan bobosi Ketmas akadan urush voqealarini tinglashdan charmas, savollari adoqsiz bo`lardi uning. Shu sabab, desantchilar harbiy qismida muddatli harbiy xizmatni o`tagan yigit, xizmatini kontrakt bo`yicha maxsus operasiya kuchlari batalonida davom ettirishga muvaffaq bo`lgan.

– Xayriddin bilan xizmatda ham, harbiylar shaharchasidagi turarjoyda ham, Sariosiyodagi harbiy harakatlarda ham birga bo`lganmiz, – deydi safdosh do`sti, iste`fodagi serjant Oybek Hamdamov. – U haqiqiy maxsus guruh posboni edi. Mard, ortga chekinmas, har qanday sharoitga moslasha oladigan, qo`rqmas yigit edi, u. Nazariy mashg`ulotlarda a`lochi, yozuvi juda chiroyli bo`lib, husnixatiga har qanday odam tan berardi. «Qiz bolalarga o`xshab chiroyli yozasan», deb xazilashib gohida uning g`ashiga tegardim. Mashg`ulotlarda ulgura olmasam, albatta menga yordam berardi. Amaliy mashg`ulotlarda ham doim oldingi safda bo`lgan. Bilasiz So`x tog`li hudud, tog`da o`sgan yigitning chapdast va epchil bo`lishi, shubhasiz.

        Ikkimizning ham kelajak orzularimizdan biri oila qurib, farzandlar ko`rish edi. U ko`p o`tmay unashtirildi, to`yi bo`lishi kerak edi, biroq… Xalqaro terrorchilarga qarshi olib borilgan harbiy harakatlarda yonma-yon turdik. Amaliy mashg`ulotlarda shartli dushman bilan jang qilgan maxsus guruh posbonlari uchun bu haqiqiy sinov maydoni edi. Biz bu kunga har tomonlama tayyor edik, lekin safdoshlardan ayrilish…  Xayriddin halok bo`lganda ham birga edim. Men og`ir yarador bo`ldim, u esa…

Ha, hayotdan erta ketgan do`stni eslash oson emas, ayniqsa u yaqin safdoshing bo`lsa. 2000 yildagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan maxsus guruh posbonlarining deyarli barchasi hozir iste`foda. Ammo Xayriddinning qaysi bir safdoshi bilan suhbatlashmay, u haqidagi o`ziga xos fikrlar, iliq xotiralarga ega bo`ldim. Oilasida bo`lganimizda esa bizni ota-onasi, yaqinlari bilan birga, mahalliy xokimiyat vakillari, qo`ni-qo`shni va qarindosh-urug`lari qarshi oldi. Har birlarining qahramon yigit haqida aytadigan dil so`zi, fikrlari bor. Bunday damda eng og`iri ota-ona bilan jigarbandini yodga olish.

– Xayriddin katta o`g`limiz, ishongan tog`imiz edi. U harbiy xizmatchi bo`lishga qaror qilganida dadasi ikkimiz rozi bo`ldik, – deya Gulsimbibi opa ko`zlarida yosh ila o`g`lini xotirlaydi. – Chunki u bir ishga ahd qildimi, erishmaguncha tinchimasdi. Askarlik burchidan so`ng, xizmatini davom ettirdi. Bag`rimizdan uzoqda bo`lgani uchun uylantirib qo`yishga qaror qildik. Oldida issiq-sovug`idan habardor bo`lib turadigan yaqini bo`lsa yaxshi, ko`nglimiz xotirjam bo`ladi deb, o`yladik. Bag`rimizga oxirgi marta kelganida 2000 yilning iyul oyi edi. Avgust yoki sentyabrda to`yini o`tkazmoqchi edik. Doim «to`yimga Xurshid Rasulovni olib kelamiz», derdi. O`n kun yonimizda bo`ldi. Do`stlarining biri qo`yib, biri kelib turdi. Ta`tili tugagach, xizmatiga otlandi, xayrlashib yo`lga tushdi. Ortidan termulib turibman. Shunda, besh-o`n qadam yurdi-yu orqasiga qaytdi…

Gulsimbibi opa mujgonlarini artar ekan, bir muddat jim qoldi. Anglashimcha, ko`z oldida beixtiyor o`sha onlar gavdalandi. O`shanda ona-bola o`rtasida qo`yidagicha suhbat bo`lib o`tgandi:

– Tinchlikmi bolam, biror narsang yodingdan ko`tarilibdimi?

–Yo`q onajon, hammasi joyida, faqat to`yga tayyorgarlik ko`rmay turinglar. 

– Nega?

– Men bir joyga ketyapman, uzoq joyga. Qaytmasligim mumkin.

– Bu nima deganing? Unday dema bolam, bo`lajak kelinimiz seni qachondan buyon kutadi, uni noumid qilma.

– Qaytsam, o`sha qiz meniki. Agar qaytmasam uni ukamga olib beringlar. Siz aytgandek, noumid bo`lmasin…

–Xayriddin ketganidan keyin o`ylab o`yimga etolmadim, – deya xo`rsinadi Gulsimbibi opa. – O`g`lim nega unday dedi, biror rejasi bo`lsa menga aytgisi kelmadimi. Ammo bolamni o`shanda oxirgi marta ko`rib turishim, bag`rimga tobutda qaytishini aslo xayolimga keltirmagandim…

... Bir so`z bilan aytganda, yillar, davrlar o`tar, avlodlar almashar, lekin yurt tinchligi, millat erki uchun yosh umrini yovga qalqon qilgan jo`mardlar nomi barhayotdir. 

Ma`lumot uchun:

Bugun Xayriddin Xolboev ta`lim olgan Farg`ona viloyati, So`x tumanidagi 18-sonli umumta`lim maktabida uning byusti o`rnatilgan. Maktab ichida esa qahramon yigitga bag`ishlangan ixchamgina muzey tashkil qilingan.

                                                                                                                                                         Zulfiya YuNUSOVA

Шарҳлар