AsosiySiyosat

O`zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

'O`zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar'ning rasmi

Bugun, 6 may kuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.

Suhbat chog`ida do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan ko`p qirrali O`zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining joriy holati va ularni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari savdo, energetika, transport va tranzit, sanoat va qishloq xo`jaligi sohalaridagi amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani va samarali idoralararo aloqalar yo`lga qo`yilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Hamkorlikka oid ustuvor loyihalarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa`y-harakatlarni faol davom ettirishga kelishib olindi.

Muloqotda, shuningdek, mamlakatimizda Sardoba suv omboridagi favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bilan bog`liq masalalarga to`xtalib o`tildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat xususida ham fikr almashildi.

Ushbu xavfli kasallikning oldini olish, shuningdek, bugungi murakkab davrda milliy iqtisodiyot va aholini qo`llab-quvvatlash borasida birodar mamlakatlarimizda ko`rilayotgan choralar to`liq qo`llab-quvvatlandi. Prezidentlar tegishli vazirlik va idoralarga virusga qarshi samarali kurashni tashkil etish masalalarida o`zaro muvofiqlashuv va hamkorlikni kuchaytirish bo`yicha topshiriq berdilar.

O`zbekiston va Turkmaniston etakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka oid qator dolzarb masalalarni ham ko`rib chiqdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar