AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev kartoshka etishtirishga oid qarorni imzoladi

'Shavkat Mirziyoev kartoshka etishtirishga oid qarorni imzoladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 6 may kuni "Respublikada kartoshka etishtirishni kengaytirish va urug`chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperasiyalari tashkil etiladi. Ularning asosiy yo`nalishlari innovasion va resurs tejamkor texnologiyalar asosida yaxlit maydonlarda iste`mol va urug`lik kartoshka etishtirish hamda sohada qo`shilgan qiymat zanjirini yaratish; urug`lik kartoshkaning super elita va elita avlodlarini etishtirishni kengaytirish, urug`liklar tayyorlash hamda zamonaviy kartoshka plantasiyalarini barpo etish; iste`mol va urug`lik kartoshkaga bo`lgan ichki bozor talabini qondirish, shuningdek, uning eksportini kengaytirish; kartoshka ekish uchun mo`ljallangan ekin maydonining kamida 50 foizida urug`lik kartoshkaning super elita va (yoki) elita avlodlarini etishtirishni yo`lga qo`yish; urug`lik kartoshkani saqlash, saralash, etkazib berish va qayta ishlashni yo`lga qo`yish etib belgilandi.

Shuningdek, joriy yil 1 maydan boshlabkartoshka etishtiruvchi fermer xo`jaliklari, qishloq xo`jaligi korxonalari hamda kartoshkachilik klasterlari va kooperasiyalarining urug`lik kartoshka xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ularga 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratiladi. 

2023 yil 1 iyulgacha bo`lgan muddatga chetdan olib kirilayotgan urug`lik kartoshka bojxona bojidan ozod etiladi. 

Qishloq xo`jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan Ilmiy izlanishlar va innovasion ishlanmalarni moliyaviy qo`llab-quvvatlash, kartoshka navlari seleksiyasi va urug`chiligini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etiladi.

Jamg`arma mablag`lari sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik sohasidagi ilmiy izlanishlar va innovasion ishlanmalarni moliyalashtirish uchun grantlar ajratish,  kartoshka navlari seleksiyasi va urug`chiligini yo`lga qo`yish bo`yicha tajriba-sinov va boshqa loyihalarni moliyalashtirish, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning yaratilgan navlari mualliflarini rag`batlantirish maqsadlari uchun sarflanadi.

Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanidagi “Burchmullo” davlat o`rmon xo`jaligining “Piskom” massivi hududidagi bo`sh turgan er maydonlarida yuqori avlodli urug`lik kartoshka etishtirishni yo`lga qo`yiladi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosarlari O`.I.Barnoev va J.A.Qo`chqorov zimmalariga yuklatildi.

    Boshqa yangiliklar