my5
all

"Ilhaq" sizga yoqdimi? Menga bu film yoqdi!

Madaniyat 10.05.2020, 21:14
Теглар: Ilhaq, O`zbekkino
1316
"Ilhaq" sizga yoqdimi? Menga bu film yoqdi!

Taassuf, bu shunday urush ediki, hamon davom etyapti. Yahudiy, nemis, polyak, yapon, rus, o`zbek... Bari uni o`zicha xotirlaydi, talqin qiladi, foydalanadi... Bu shunday urushki, hamon odamlarni taraflarga bo`lib urishtiryapti. Bu kunda istasak ham, istamasak ham uni eslaymiz, u haqida gapiramiz, bahslashamiz, g`oya talashamiz. Lekin baribir urush dahshati va fojialari aks etgan asarlarni o`qiymiz, tinglaymiz va tomosha qilaveramiz. Bu bizga kerak, hayotda "urush"maslik uchun kamida.

 “Ilhaq“da o`zbek xalqi yashagan, qatnashgan va hissa qo`shgan urush tasvirlangan. Albatta, bir oiladan besh farzand frontga ketib, birontasi qaytmasligi juda kam uchraydigan hodisa. Lekin beshta emas, bitta inson urushga ketgan xonadonlarning qayg`usi bundan kam bo`lmagan. Umuman, urush qayg`usini bu tarzda solishtirib, taqqoslab o`lchab bo`lmasa kerak. Hatto, umuman biron inson urushga bormagan oila ham shu urush ichida edi, taqdirida urush aks etgandi.

Filmdagi Chori obrazi ayni haqiqatning ifodasi, nazarimda. Frontdan minglab chaqirim uzoqdagi bu nogiron inson pochtachi vazifasida har kuni urushda qatnashdi (aloqani ta`minladi), xizmat vazifasini bajara turib zarbalar oldi, yaralandi, qurbon berdi va odam ham o`ldirdi.

Uchinchi o`g`il Muhammadjon va uning tug`averib, farzand dog`i ko`raverib, yuzlari qorayib, o`zi qoqsuyakka aylangan fidokor va vafodor xotini esa alohida ta`kidlanadigan obrazlardir. Bir marta urush dahshatini ko`rib kelgach, bemalol tinch hayotda yashashi mumkin bo`lgan Muhammadjon bir emas, ikki jigaridan qora xat kelgan kecha o`zini tinch hayotga loyiq ko`rmadi va hatto xotinini yotoqxonadan chiqarib yubordi (psixologik nuqta), ertasiga esa frontga yana ketishga ariza berdi. Shunday o`rinlar kinoasarning badiiy ta`sirini kuchaytirgan.

Albatta, kartinada markaziy obraz – ona. Men sevgan va kamdan-kam intellektual aktrisalarimizdan biri deb bilganim Dilorom Karimovadan orttirib bu rolni hech kim ijro eta olmasdi (nazarimda). Ssenariynavislarimiz opa uchun shunday keng qamrovli, sermazmun personajlarni ko`proq yozishsa-yu, Dilorom opa rol o`ynash qanaqa bo`lishini yana va yana ko`rsatib qo`yaversalar, qaniydi.

“Ilhaq” o`tkir syujetli, voqealar shiddat bilan kechadigan, tomoshabinni o`tdan olib suvga soladigan film emas. Tekis, sokin drama. Ko`p joylari “Ikki eshik orasi”, “Ufq” romanlarini, “Armon” yoki Lyuk Bessonning “Lion” filmlarini eslatadi. Ayniqsa, urush sahnalarida ko`p shablonlar kuzatiladi. Lekin, baribir, zerikmaysiz, ta`sirlanasiz. Ya`ni film an`analar va shablonlar ichida yaratilgan bo`lsa ham, samimiy va o`ziga xos o`zbekcha ruhi bor.

Ushbu badiiy filmning finali, ya`ni urush tugagan sahnasi o`zgacha ahamiyatli. Besh farzandiga ilhaq Ona urush tugadi deb quvonmadi. Beshovidan bittasi ham qaytmadi-ya deya o`kinib, o`ksinib qoldi. Bu biz uchun g`alaba emas, anduh kuni ekanini ta`kidladi go`yo.

Ommaviy sahnalarni aks ettirish bobida ham “Ilhaq” bugungi o`zbek kinosida yangi darajaga chiqqanini ko`rish mumkin. Ayniqsa, yuzlab insonlar ishtirok etgan Katta Farg`ona kanali qurilishi epizodlarida juda hayratlandim. Musiqa esa film mazmunini juda chiroyli ochib bergan, aytishlaricha, kartina uchun maxsus bastalangan.

Lekin kamchiliklar ham bor. Masalan, aktyor Yigitali Mamajonov ijrosidagi Shokir obrazi syujetga chiroyli olib kirilgan, personajdan unumli foydalanilgan, biroq syujetdan olib chiqib ketilishi va xulosasi yaqqol ko`rinmay qolgan. Yoki har safar pochtachining kaltaklanishini ko`rsataverish shart emasdi, u urayotgan bongning o`zidan foydalanib qo`yish ham mumkin edi. Nigora Karimboeva ijrosidagi obrazga yanada ko`proq o`rin berib rivojlantirish, uning rais bilan munosabatlarini Melis tilidan shunchaki ayttirish orqali bayon qilmay, biron sahna yo ishora bilan ko`rsatish, ya`ni badiiy uslublarga yanada faolroq murojaat qilish kerak edi deb o`ylayman.

So`zim so`ngida asar muvaffaqiyatini ta`minlagan asosiy omillardan biri uning fabulasi, ya`ni hayotiy asosi ekanini aytishim lozim. Biz “Ilhaq” orqali Zulfiya Zokirova va uning to`rt kelini timsolida minglab, yuz minglab shunday onalaru kelinlarni tanidik. (Shuni o`ylar ekanman, bittagina o`g`limni ikki hafta bolalar oromgohiga jo`natib, har soatda qo`ng`iroqlashib turganim holda haftada ikki martalab oldiga borib kelganlarimni esladim.) Bolasini ajal komiga yuborib, oylab undan xabar kutib ilhaq bo`lgan onalarning sabriga qoyil qoldim. Urush ko`rgan har bir ona qahramon, farzand dog`ini ko`targan onalar o`n marta qahramon, bir necha farzandlarining dog`ini ko`tarish esa... ta`rif topolmadim.O`sha onalar har farzandini urushga jo`natayotib tanasining biron qismi yulib olingandek og`riq tuyganlarini jisman his qildim!

Va “Ilhaq” urush mavzusidagi bahslarni qaysidir ma`noda ahamiyatsiz qilib qo`ya oladigan film degan xulosaga keldim.

 Shahnoza SOATOVA, Adliya vazirining maslahatchisi

Шарҳлар