my5

Karantin choralarini yumshatish hamda korxonalarni qayta tiklash borasidagi ishlar Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari misolida ko`rib chiqildi

Siyosat 13.05.2020, 21:35
835
Karantin choralarini yumshatish hamda korxonalarni qayta tiklash borasidagi ishlar Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari misolida ko`rib chiqildi

Avval xabar berganimizdek, bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Videoselektor yig`ilishida karantin choralarini yumshatish, iqtisodiyot korxonalarini qayta tiklash borasidagi ishlar bu safar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida ko`rib chiqildi.

Mazkur ikki viloyatda mamlakatimiz aholisining qariyb 20 foizi istiqomat qiladi, sanoat mahsulotlarining 11 foizi ishlab chiqariladi.

So`nggi ikki haftada karantin talablari yumshatilishi natijasida Qashqadaryo viloyatida 90 foiz, Samarqand viloyatida 60 foiz korxonalar o`z faoliyatini tikladi. Lekin aholini daromad bilan ta`minlash uchun bu etarli emas.

Kambag`al oilalar soni Qashqadaryoda 91 mingta, Samarqandda esa 48 mingtani tashkil etadi. Bu viloyatlarning har birida yuz mingdan ortiq ishsizlar bor.

Davlatimiz rahbari qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qo`llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta`minlash hudud rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo`lishi lozimligini ta`kidladi.

Qashqadaryo viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmining 75 foizi respublikaga bo`ysunadigan korxonalarga to`g`ri keladi. Kasbi, Qamashi, Mirishkor, Nishon va Chiroqchi tumanlarida sanoat deyarli yo`q.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimligi bilan birgalikda mazkur tumanlarda sanoatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Viloyatda etishtiriladigan paxta tolasining atigi 42 foizi qayta ishlanishi qayd etilib, yangi tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.

Shuningdek, oltingugurt, marganes, ferro-silisiy, gips, dolomit va boshqa xomashyo zaxiralaridan talab yuqori bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Bugungi kunda Samarqand shahri aholisi 600 mingdan oshdi. Hozirgi uy-joy salohiyati va infratuzilma ehtiyojni qondira olmaydi. Shu bois shaharni Pastdarg`om, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, “yo`ldosh shaharlar” barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yo`nalish viloyat uchun yana bir o`sish nuqtasi bo`ladi, minglab ish o`rinlari yaratiladi.

Samarqand viloyatida 120 ta noruda konlar mavjud bo`lib, ulardan 33 tasi sanoat yo`li bilan o`zlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silisiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.

Mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma ta`minotini o`rganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi. 

Sanoati orqada bo`lgan tumanlarni rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish bo`yicha takliflar bildirildi.

Viloyatdagi to`qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilmoqda, xolos.

Shu bois, to`qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to`qimachilik klasterida yuqori qo`shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

O`tgan yig`ilishdagi topshiriqqa muvofiq, Samarqand viloyatida hunarmandchilikning muayyan yo`nalishlariga ixtisoslashgan 217 ta eski qishloq tarixi, mahalliy aholining azaldan shakllangan ko`nikmalari va “o`sish nuqtalari” o`rganildi. Bu tajribani boshqa hududlarda ham boshlab, aholi bandligini ta`minlash zarurligi ta`kidlandi.

Kattaqo`rg`on va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov erlarni Kattaqo`rg`on shahri aholisiga foydalanishga berib, 5 ming kishini ish bilan ta`minlash vazifasi qo`yildi. 

Yig`ilishda Samarqand va Qashqadaryo viloyati hokimlari, boshqa hudud va tarmoqlar rahbarlari belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan hisobot berdi.

Шарҳлар