"...Uydagilarni jo`natib, so`ng o`zim og`ilga o`tdim, mollarni echdim, qo`ylarni qo`tonidan chiqardim. Uylarning eshigini yopib berkitib darvozadan shundoq chiqqan edim hamki, suv etib keldida, deya xotirlaydi Sardoba omboridagi toshqinda qolib ketgan yigit.
Ogohlantirishlariga qaramasdan yigit xavfni jiddiy qabul qilmagan. Yigit ko`chadan toshib kelayotgan suvda qochib, uyga kirgan.
"Hovliga suv to`lib uygacha kirdi. Men tomga chiqib oldim. Tomda o`tiribman, suv juda tez ko`tarilishdan to`xtamadi. Uy cho`ka boshladi, men suzib xavfsiz ergacha etib olishni o`ylab suvga sakrab suzib ketdim. Ancha suzib charchadim,sovuq qotdim. Ana endi tamom deb o`yladim.Xayolimdan nimalar o`tmadi deysiz. Allohni karomatini qarang, bir katta taxta suvda qalqib turganiga ko`zim tushdi. Qaysidir imoratning eshigi shekilli, shoshib unga chiqib oldim. Kuchim qolmagandi. Oqim bo`ylab oqib ketaverdim. Bir zamon bir do`nglikka borib urildiku, do`ng tomon talpinib chiqib oldim, tuni bilan o`sha erda o`tirdim."
Xavfni anglay olmagan, kutilmagan toshqinning qudratidan qo`rquvga tushib, umidini hayotdan uzgan yigitni matorli qayiqda kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus guruhi qutqarib oladi.
"Ularga ming bor raxmat. Yurtimizda shunday oliyjanob, fidoyi xizmat turi borligiga shukrlar qilaman. Davlat bitta odami bo`lsa ham qidirar ekan. Ko`nglimda shunday fidoiy insonlarga munosib zamondosh bo`lish orzusi uyg`ondi. Shunday xalqparvar yurtning farzandi ekanimdan faxrlanaman. Yomon kunlar o`tdi, saboqlar olindi. Endi shukronalik bilan yangicha yashamoqchiman. Farzandlarimni faqat yaxshiliklar qilib yashashga o`rgatishni niyat qildim. Allomalarimizning "Yaxshilikni har kim, har kuni qilishi kerak" degan so`zlarida jon bor ekan. Men bu so`zning mohiyatini xis qildim.