Joriy yilning 22 may kuni Adliya vazirligi binosida videokonferensaloqa shaklidagi pandemiya sharoitida notariat va huquqiy xizmatlar sohasidagi o`zgarishlarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
O`zbekiston notarial palatasi rahbariyati, Adliya vazirligi mas`ul xodimlari tomonidan mazkur sohadagi so`nggi o`zgarishlar, mamlakatda COVID-19 tarqalishi bilan bog`liq xatarlar va fuqarolarning huquqiy xizmatlarga bo`lgan ehtiyojini qondirish bo`yicha amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar to`g`risida ma`lumotlar berildi hamda jamoatchilik va OAV vakillari savollariga atroflicha javob berildi.
Ushbu videokonferensaloqa shaklida o`tkazilgan tadbirda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish jarayonida ham Respublikamizda xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notariuslarning ish boshlashiga, aholining notariuslarga bo`lgan ehtiyoji mavjud bo`lganligi haqida alohida ta`kidlandi. Xususan, kechiktirib bo`lmaydigan, zarur notarial harakatlarni (vasiyatnoma, ishonchnoma va boshqalarni) rasmiylashtirish uchun, albatta, notarial harakatlar zarurligi va fuqarolarninng notarial idoraga bevosita tashrifisiz notarial harakatni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligi aytib o`tildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
Shuningdek, fuqarolarning talablari va notariuslarga bo`lgan ehtiyojinii inobatga olgan holda Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 20 apreldagi 21-son bayoni qabul qilinganligi to`g`risida ma`lumot berildi. Mazkur maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq notariuslar karantin talablariga rioya qilgan holda ishlashiga va ishlayotgan notariuslar sonini ko`paytirilishiga ruxsat berilganiligi hamda xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notariuslar ham o`z faoliyatini boshlaganligi haqida ham to`xtalib o`tildi.
Ma`lumot uchun:2020 yil 22 may holatiga 749 nafar (92%) davlat notariusi xususiy notarius bo`lib ishlash istagini bildirib, lisenziya bilan ta`minlanildi. Shundan 659 nafar xususiy notariuslar o`z faoliyatini to`liq boshlashdi. Respublika bo`yicha kamida 2 000 ta o`zini-o`zi ta`minlovchi ish o`rni yaratildi. Bir yil uchun notarial idoralarni saqlash xarajatlaridan 255 mlrd so`m davlat mablag`lari iqtisod qilinmoqda.
Mazkur tadbirda xususiy notariuslar faoliyatining yo`lga qo`yilishi natijasida qanday imkoniyatlar paydo bo`lganligi xususida ham fikr bildirildi. Xususan, quyidagilar sanab o`tildi:
- notariuslar o`zini-o`zi moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan mustaqil ta`minlaydi;
- respublikada faoliyat yurituvchi notariuslar soni chegaralanmaydi;
- jamiyatda notariuslarning faolligi oshdi;
- endilikda notarial idoralarda navbat kutish muammosi bartaraf etildi;
- ortiqcha byurokratiya va korrupsiya holatlariga barham berildi;
- notariat sohasida erkin raqobat muhiti shakllandi va notariuslar aholiga yanada sifatli xizmat ko`rsatishni boshladi;
- notariuslar sonining ko`payishi sabab, aholida notariusni tanlash.
Tadbirda ta`kidlandiki, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki e-notarius.uz sayti orqali uydan chiqmasdan turib, notarius qabuliga elektron navbatga yozilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, e-notarius.uz sayti orqali barcha notarial harakatlar haqida to`liq ma`lumot olish va notarius kalkulyatori xizmatidan foydalanib, davlat boji va boshqa to`lovlarni mustaqil hisoblash imkoniyati yaratilgan.
Hozirda masofadan turib ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish hamda videokonferensaloqadan foydalangan holda notarial harakatlarni amalga oshirishni yo`lga qo`yish ishlari ham olib borilayotgaligi haqida ham so`z bordi.
Bundan tashqari ushbu tadbir davomida mas`ul xodimlar tomonidan jamoatchilik va OAV vakillari savollariga javob berildi. Masalan, karantin davrida ko`plab tashkilotlar ish faoliyatini to`xtatgan yoki masofaviy rejimga o`ztgan bir vaqtda, Respublikamizda notariuslar qay tartibda faoliyat olib borishganligi, fuqarolarga qanday xixzmat ko`rsatilganligi, bugungi kunda qancha xususiy amaliyot bilan shug`ullanuvchi notariuslar o`z faoliyatini boshlaganligi, xususiy notariaslarning ish boshlashi aholiga qanday samara berayotganligi, xususiy notariuslarning xizmat narxlarining asossiz oshirilishiga yo`l qo`ymaslik borasida Adliya vazirligi qanday nazorat tizimini joriy qilganligi va shunga o`xshash boshqa qiziqarli savollarga huquqiy jihatdan asoslantirilgan javoblar berildi.