my5

Pandemiya sabab Aydarko`lda hayvonot va o`simlik olami yaxshilandi

Jamiyat 23.05.2020, 07:49
679
Pandemiya sabab Aydarko`lda hayvonot va o`simlik olami yaxshilandi

1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Biologik rang-baranglik to`g`risidagi Konvensiya qabul qilindi va u bir yil o`tib, xalqaro hujjat sifatida kuchga kirdi.

Ko`plab muhim vazifalar belgilab berilgan mazkur Konvensiya bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan ratifikasiya qilingan. Shu munosabat bilan har yili 22 may — Xalqaro biologik xilmaxillik kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, yurtimizda 15 ming 700 ga yaqin hayvon, 4 ming 500 ta oliy navli o`simlik turi uchraydi. Shundan Navoiy viloyati hududidagi To`dako`l va Aydarko`l suv havzalari joylashgan hududlarda ham fitoplankton, zooplankton, dafna, klorotka kabi suv osti o`tlariga hamda Moyina Bentos qatlami mikroorganizmlariga boy. Shuningdek, o`simlik dunyosidan qamish, yulg`un, saksovul va boshqa turdagi yovvoyi turdagi o`simliklar o`sayotganligi kuzatiladi.

To`dako`l va Aydarko`l suv havzalari atrofida o`rdaklarning barcha turlari, yovvoyi g`ozlarning uchta turi, kaklik, qirg`ovul, ikki turdagi baklan, qorabaur, tulki, quyon, barsuq, yovvoyi cho`chqa boshqa turdagi jami 100 dan ziyod yovvoyi qushlar va hayvonlar yashayotganligi kuzatildi. Ushbu ko`lda asosan oq amur, zog`ora, ilonbaliq, ikki turdagi do`ng peshona, laqqa, oqcha, tobon, vobla hamda oqsla kabi turdagi baliqlar mavjud.

Navoiy viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassisi Zubayda Dushanovaning ma`lum qilishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatimizda joriy qilingan karantin davrida antropogen omillar ta`sirining kamiyishi sababli, Navoiy viloyati hududida tabiiy suv havzalari suvi insoniyat tomonidan ifloslanishi kamayishi kuzatilgan. Natijasida o`simlik va hayvonot olamining yaxshilanishiga, jumladan tabiiy suv havzalarida, suv ostida o`sadigan yigirmadan ortiq turdagi o`tlar – «Xara», «xlomidomonada», «ulotriks», «spirogira»,  «kladofora», baliq turlaridan «Zog`ora», «Oq amur», «Do`ng peshona», «Laqqa», «Sudak», «Vobla» kabi baliq chovoqlari turi ko`payishi kuzatilmoqda.

Шарҳлар