Nafaqat Italiya, balki jahonning eng nomdor futbol jamoalari safida tilga olinadigan "Inter" va "Milan" klublari o`z uy o`yinlarini o`tkazadigan "San-Siro" stadioni buzilishi mumkinligi e`lon qilindi. Ushbu inshoot “La Repubblica” nashrining yozishicha, me`moriy qimmatga ega bo`lgan ob`ekt sifatida tan olinmagan.
Lombardiya viloyati Madaniy meros komissiyasi Milan shahri meri Juzeppe Sala o`tgan yilning noyabrida yuborgan so`rovga javoban, mazkur arena madaniy merosni muhofaza qilish to`g`risidagi nizom talablariga mos emasligini qayd etgan. Sababi XX asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan rekonstruksiya natijasida 1925-26 yillarda bunyod etilgan va 1938-39 yillarda modernizasiya qilingan stadiondan "asar ham qolmagan".
Endi "Milan" va "Inter" "San-Siro"ni butunlay buzib tashlab, hududda 60 ming o`rinli yangi arena barpo etishni ko`zlamoqda. Zamonaviy infrastrukturaga ega bo`ladigan majmua tarkibida mehmonxona, savdo markazi va dam olish zonasi ham quriladi. Hozirgi chimli maydon o`rnida esa xiyobon vujudga keladi.