AsosiyJamiyat

Gilamdo`zlik san`atini onlayn o`rganishni istaysizmi?

'Gilamdo`zlik san`atini onlayn  o`rganishni istaysizmi?'ning rasmi

Bugungi pandemiya sharoitida aholi bandligini ta`minlashda tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash asosiy o`rin tutadi. Shu bois, xususiy sektordagi ko`plab korxonalar daromad solig`idan ozid etilib, ularga qator imtiyozlar belgilandi. Bu esa vaqtincha faoliyati to`xtab qolgan korxonalarning o`zini qayta tiklab, yangi ish o`rinlari yaratishga imkon yaratmoqda.  

Ohangaron shahridagi qurilishi to`xtab qolgan metallurgiya zavodida endilikda bunyodkorlik ishlari yana avjida. Eng muhimi, qurilish ishlariga Ohangaroon tumanidagi 200 nafar ishsiz yoshlar jalb etildi. 30 miln. AQSh dollari miqdoridagi investisiya mablag`i hisobiga bunyod etilayotgan mazkur obe`kt joriy yilning oktyabr oyida foydalanishga topshirilishi mo`ljallangan. Loyihaga ko`ra, bu erda 500 nafar yosh mutaxassis va ishsiz fuqarolarning bandligi ta`minlanadi. Zavodda barcha turdagi qurilish tarmoqlari   uchun temir konstruksiya va armaturalar ishlab chiqariladi.  

 Ohangaron shahridagi faoliyati to`xtab qolgan yana bir korxonada ishlab chiqarish quvvatlari qayta tiklandi. Bolalar tagliklari tayyorlashga ixtisoslashgan korxona endilikda o`z mahsulotlarini nafaqat ichki bozorga, balki MDH mamlakatlariga ham eksport qilmoqda. Shu bilan birga, bu erda 30 nafar ayolning bandligi ham ta`minlandi.  

Olmaliqlik tadbirkor Dadamurod Baratov bir necha yildirki, barcha turdagi mebel jihozlari va temir darvozalar ishlab chiqarish bilan shug`ullanadi. Pandemiya sababli uning korxonasida ham ish to`xtab qolgandi. Tadbirkor shahardagi 2-sektor yordamida o`z faoliyatini qayta tikladi. Hozir bu erda karantin gigienasi talablariga rioya qilgan holda 30 nafar yosh mehnat qilmoqda. Shuningdek,  Dadamurod Baratov bankdan olgan imtiyozli kredit mablag`i hisobiga tikuvchilik sexi tashkil qilib, yana 30 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta`minladi.  

 Olmaliqlik usta hunarmand Oqiloy Xo`jamqulova momomeros gilamdo`zlik san`atini avloddan avlodga etkazish maqsadida ko`plab shogirdlar etishtirmoqda. Uning tabiiy jundan qo`lda va qadimiy dastgohda to`qilgan gilamlari nafaqat mahalliy bozorda, balki xorijda ham xaridorgirdir.

Karantin sababli u ham faoliyatini to`xtatishga majbur bo`lgandi. Olmaliq shahar aholi bandligiga ko`maklashish markazi tomonidan hunarmandga onlayn saboq berish uchun sharoit yaratib berilib, maosh tayinlandi. Endilikda Oqiloy Xo`jamqulova ham masofadan turib shogirdlariga gilamdo`zlikning sir-asrorlarini o`rgatish, ham ishlab chiqarishni davom ettirgan holda yana qo`shimcha daromad topish imkoniga ega bo`ldi.  

  Xuddi shunday sandiqchilar sulolasining uchinchi vakili Abdimo`min Davlatov hunarini farzandlari va nabiralariga o`rgatib kelmoqda. Daromadi shu hunar orqali bo`lgan hunarmandning ishi pandemiya tufayli to`xtab qolgan edi. Uning Olmaliq shahar prokuraturasiga qilgan murojaati qisqa fursatda hal etilib, uyda faoliyati bilan shug`ullanishga sharoit yaratib berildi.  

 Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatimizdagi ish bilan band aholining 74 foizdan ziyodi xususiy sektorda mehnat qilayotganligini hisobga olsak, mazkur ishlarning xalqimiz hayotida o`z aksini topishi shubhasiz.

    Boshqa yangiliklar