my5
all

Muftiy Usmonxon Alimov: Iydul Fitr – Ramazon hayit muborak bo`lsin!

Jamiyat 23.05.2020, 23:52
390
Muftiy Usmonxon Alimov: Iydul Fitr – Ramazon hayit muborak bo`lsin!

O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov O`zbekiston xalqini Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi. Tabrik matni O`MI saytida e`lon qilindi. 

"Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Aziz yurtdoshlar, O`zbekiston musulmonlari idorasi va o`z nomimdan Sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etamiz.

Haq taboraka va taolodan qutlug` oyda tutgan ro`zalarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul va duolarimiz mustajob bo`lishini so`raymiz.

Mana shunday fayzli kunlarga etkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Fazilatli kunlarda Qodir Allohdan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka va turli balo-ofatlardan O`zi himoya qilishini tilab duolar qilamiz.

Ramazon hayitini dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o`tkazadi. Ushbu kun Yaratgan Egamning rahmati Er yuziga yog`iladigan, qalblar zavqlanadigan ajoyib fursatdir.

Alhamdulillah, Ramazoni sharif ro`zasini tutish barchamizga nasib etdi. Mo`min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdilar, fayzli oqshomlarda iftorlik qilib, uylarida taroveh namozlarini ado etdilar.

Shu yilning 20 aprel kuni qabul qilingan muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o`tkazish to`g`risida”gi qarori asosida mehr-saxovat tadbirlari oshirilishi, Qur`oni karim xatmlari onlayn uzatilishi elimizni cheksiz xursand qildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “SAXOVAT VA KO`MAK” umumxalq harakatining e`lon qilinishi ushbu muborak oyning maqsad-mohiyatiga ayni muvofiq keladigan ulkan savobli ish bo`ldi.

Mehr-muruvvat oyi bo`lmish Ramazonda mo`min-musulmonlar himmati baland, shijoati yuksak bo`ldi. Qarindosh-urug`lar, qo`ni-qo`shnilar, bemorlar, muhtojlarning ko`ngli olindi. Moliyaviy ibodat hisoblangan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi va fidyalar berildi.

Ehtiyojmand kishilarni qo`llab-quvvatlash uchun har bir imom-xatib tomonidan oliyhimmat insonlar bilan birgalikda ko`makka muhtoj oilalarga moddiy-ma`naviy yordam qilindi.

Barcha yurtdoshlarimiz muborak Ramazon oyida boshlangan saxovat va ko`mak tadbirlarini bundan keyin ham faol davom ettirishlari, o`zlarining kundalik vazifalari qilib olishlari dini mubinimiz g`oyalariga muvofiq ish bo`ladi. Alloh taolo Qur`oni karimda: “Bas, yaxshiliklarga shoshiling”, deb marhamat qiladi.

Ko`ngillarga xursandchilik olib kiradigan ishlardan yana biri – diyorimizning har bir hududida xushovoz qorilarining xatmi Qur`onlar o`qishlari bo`ldi. Yurtimiz ahli ijtimoiy tarmoqlar orqali Ilohiy kalomni to`g`ridan-to`g`ri tingladilar. Bunday tashabbusdan minnatdor ekanlarini izhor etdilar. Shubhasiz, yurtimiz uzra Ilohiy kalom yangrashi barobarida Yaratgan Parvardigorning rahmati ham yog`ilib turdi", deyiladi tabrikda.

Shuningdek, muftiy hazratlari ayni paytdagi karantin sharoitida Ramazon hayitini qanday o`tkazish kerakligiga ham to`xtalib o`tgan:

"Azizlar, bu yil Ramazon hayitini karantin mezonlaridan kelib chiqib, uylarimizda, oilamiz bag`rida o`tkazamiz. Bu ham aslida biz uchun bir imkoniyat. Negaki, avvalo, ota-onalarimizning davrasida bo`lib, ularning pandu nasihatlariga quloq solamiz, farzandu arjumandlarimizga esa bayram shukuhini tushuntiramiz.

Hayit kunlari oila bag`rida ham bayram kayfiyatini nishonlash mumkin. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish lozim. Iloji bo`lsa, ahli oilalarga sovg`a va hadyalar ulashilsa, yanada savobli. Bunda hadyalarni qo`ni-qo`shni, ehtiyojmand va yordamga muhtoj insonlarga ham berilsa, nur ustiga nur bo`ladi.

Bugun barchamiz jome masjidlarni to`ldirib, jamoat bo`lib namoz o`qishni juda sog`indik, ilhaqlik bilan kutmoqdamiz. Yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, yana jome masjidlar eshiklari mo`min-musulmonlarimizga ochiladi, birgalikda fayzli ibodatlarimizni davom qilamiz, insha Alloh.

Qayd etilganidek, Ramazon hayiti – Iydul Fitr bayrami buyuk bayram, haqiqiy tantana, quvonchli voqeadir. Zero, har bir mo`min-musulmon uchun Alloh taoloning ibodatini ado etish chinakam shodiyona, ulug` saodatdir.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona-Vatanimizni jannatmakon qilsin, xalqimiz hayotini yanada farovon aylasin.

Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak bo`lsin!" 

Шарҳлар