my5

O`zbekistonlik mutaxassislar ilk bora Yaponiya hukumati dasturida g`olib bo`ldi

Hi-tech 30.06.2020, 07:50
910
O`zbekistonlik mutaxassislar ilk bora Yaponiya hukumati dasturida g`olib bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi va Tottori Universiteti professori Kristina Toderich hamkorligida SATREPS-2020 (Yaponiya) tanloviga taqdim etilgan loyiha moliyalashtirishga tasdiqlandi. Ushbu loyiha Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) tomonidan tanlab olingan 10 ta xalqaro loyihadan eng yaxshi loyiha deb topildi.

«Orolbo`yi mintaqasida tuproqning sho`rlanishiga qarshi kurash, erning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish» mavzusidagi ushbu loyiha – O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazi tomonidan Kioto Universiteti professori Kenji Tanaka va doktor Temur Xo`janazarov hamda Yaponiyaning etakchi 8 ta universiteti olimlari hamkorligida ishlab chiqilgan. Loyihani amalga oshirishga O`zbekiston tomonidan – «UzGIP» MChJ, Gidrometereologiya markazi, Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti, Toshkent Agrar universitetining Qoraqalpoq filiali, Nukus davlat universiteti, hamda xususiy sektor vakillari – Qoraqalpog`iston Respublikasidan PANAEV FARMS va "AKMANGIT-LAKRITSA" tashkilotlari jalb etilgan.

SATREPS – xalqaro tadqiqotlarni hamkorlikda rivojlantirish maqsadiga qaratilgan Yaponiya davlat dasturi bo`lib, ushbu dastur Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda qabul qiluvchi davlat o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik asosida tashkil etilgan.

Mazkur dasturga JST Agentligi tomonidan 2020 moliyaviy yil uchun uch sohada – atrof-muhit/energetika, bioresurslar hamda tabiiy ofatlarning oldini olish va yumshatish bo`yicha faoliyat yurituvchi Yaponiya tadqiqotchilaridan 95 ta loyiha taqdim etildi. Ushbu dastur doirasida tashqi ekspertlardan iborat qabul komissiyasi tomonidan 10 ta loyiha – Osiyo tadqiqotchilari bilan hamkorlikda 5 ta, Afrika bilan 2 ta, Janubiy Amerika bilan 2 ta va Evropa bilan hamkorlikdagi 1 ta loyiha tanlab olingan.

SATREPS dasturida raqobat juda kuchli bo`lib, u qat`iy ilmiy va texnikaviy tamoyillar bo`yicha bir necha bosqichlarda o`tkazildi. Barcha taqdim etilgan loyihalarning faqat 10 foizigina yakuniy tanlovga etib keladi.

Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi (JST) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazining ushbu loyihasi yuqori baholandi. Ta`kidlash lozimki, SATREPS dasturi O`zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda birinchi marta amalga oshiriladi. Shunday qilib, O`zbekiston Respublikasi ishtirokidagi loyiha birinchi marta mazkur dasturda tanlab olindi, natijada O`zbekiston SATREPS dasturi uchun tanlab olingan 51 davlat ro`yxatiga kirdi.

Ushbu loyihada Orolbo`yi mintaqasida erlarning unumdorligini oshirish va suvdan foydalanish imkoniyati cheklangan mahalliy aholining farovonligini yaxshilash maqsadida zamonaviy iqlim o`zgarishlarini kuzatish markazini tashkil etish, meteorologik monitoringlar olib borish, shuningdek sho`rlangan sharoitda qishloq xo`jaligiga yangi yapon texnologiyalarini joriy etish uchun to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilish ko`zda tutilgan.

Loyiha kuchli sho`rlangan sharoitda, ayniqsa Amudaryo deltasida O`zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan talablarni hisobga olgan holda meteorologik kuzatuvlar va to`g`ridan-to`g`ri prognozlashning yangi tizimini yaratishga, shuningdek ekinlarni diversifikasiya qilish va almashlab ekishning eng yaxshi mahalliy va yapon texnologiyalarini kengaytirishga, qo`shilgan qiymatni baholash va tayyor qishloq xo`jaligi mahsulotlari marketingini olib borishga yo`naltirilgan. Loyihani amalga oshirish to`g`ridan-to`g`ri iqlim o`zgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish sifatini barqaror rivojlantirishga qaratiladi.

Шарҳлар