1

Qon ustida qurilgan “baxt”

Jinoyat 10.12.2015, 15:48
 Qon ustida qurilgan “baxt”

Xalqimizda “Yomonning tuzga kelgani – qizga kelgani” degan gap bor. Bu – yomon, niyati qora odam biror narsani bahona qilib kelib, senga yaqinlashadi, muomalada bo`ladi-da, biror eringga shikast etkazadi, pulingni, molu holingni olib ketadi. Bunday odamlarni o`z vaqtida payqay bil va ulardan nihoyatda ehtiyot bo`l, deganidir. Toshkent viloyatining Yangiyo`l tumanida sodir bo`lgan fojia sabablari aynan yuqoridagi maqol mag`zidan kelib chiqqan.

“Chaqirilayotgan telefon o`chirilgan...”

2014 yilning 26 sentyabr kuni ertalab Jaloliddin To`ychiev ishga ketadi. Ammo nimagadir ko`ngli g`ash bo`laveradi. Tushlik payti turmush o`rtog`i Nigoraning qo`l telefoniga qo`ng`iroq qiladi. O`chirilgan. Birozdan so`ng yana qo`ng`iroq qiladi, javob bo`lmaydi. Shundan keyin qo`shnisi Mahmud akaga qo`ng`iroq qilib, uyidan xabar olishni iltimos qiladi.

Shundan so`ng, zudlik bilan Yangiyo`l tuman ichki ishlar bo`limiga xabar qilishdi. Tezkor tergov guruhi voqea joyiga etib kelib, hovlini sinchiklab ko`zdan kechirdi. Izlar, qon dog`lari, uy ichidagi titilgan shkaflar, yo`qolgan pullar va qimmatbaho buyumlar haqida bayonnoma tuzildi. Kinologiya xizmat iti devordan oshib, katta ko`chagacha borib, izni yo`qotib qo`ydi.

Bekzod YuLDOShEV,  Yangiyo`l tumani prokurorining o`rinbosari:

—  Voqea joyini ko`zdan kechirish davomida Nigora To`ychievaning o`limi o`tkir-kesuvchi jism bilan ko`krak qismiga bir necha bor sanchilib sodir bo`lganligi, voyaga etmagan qizi Zilolaning o`limi ham kesuvchi-sanchuvchi jism ta`sirida sodir bo`lganligi hisobga olib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlariga kirishildi.

Uning gunohi nima edi?

Tergov guruhi dastlab, qotillik qurboni bo`lgan Nigora To`ychievaning shaxsiga oid ma`lumotlarni to`plashga kirishdi. Bir qarashda uyim-joyim deydigan ayolga va norasida bolasining joniga kim ham qasd qilishi mumkin? Mahalla-ko`y, qo`ni-qo`shnilarning guvohlik berishicha, Nigoraning  biror nojo`ya qadam qo`yganini hech kim eslolmaydi.

Turmush o`rtog`i Jaloliddin To`ychiev bilan urish-janjal qilmasdan tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelayotgan oilalardan biri bo`lgan. Biroq ikki-uch yildan beri yig`inib, uy sotib olish ilinjida yurganligini hamma bilardi. Demak, qotil begona emas: u jabrlanuvchi To`ychievlar xonadoni holidan xabardor odam bo`lishi mumkin. Yoki kimdir jinoyatchilarga ma`lumot etkazgan.

Ha, xalqimizda “Mol chiqqisi kelsa, egasi sababchi bo`ladi” degan gap bor. Bu — egasi molini beparvo tashlab qo`ysa, eshik-elikni ochiq qoldirsa, o`g`ri tugul boshqa odamning ham qo`li qichishib, uni olgisi, ochiq hovliga kirgisi keladi, deganidir. Jabrlanuvchi To`ychievlar hovlisini ochiq-sochiq qoldirganmi, yo`qmi — bu yog`i bizga qorong`u. Ammo el orasida, qo`ni-qo`shnilar o`rtasida marhuma Nigoraning uy olish uchun to`rt-besh so`m pul yig`ib qo`ygani haqidagi gaplar “bolalab” ketgandi. Ming afsuski Nigora To`ychieva, o`zining bu gap-so`zlari bir kun kelib, boshiga balo keltirishini loaqal o`ylab ham ko`rmagan edi.

 “Holva degan bilan og`iz chuchimaydi”

 Endi gapni boshqa tomondan eshiting. Shohrux Abdurahmonov Andijon viloyatining Asaka shahridan ko`chib kelib Yangiyo`l tumanida tirikchilik qilib yurardi.

2010 yildan buyon esa bir go`zal qizga ko`ngil qo`yib, ishq-muhabbat ostonasiga qadam qo`ya boshlaydi. Yoshlik-beboshlik deganlariday, dastlab qizga mashhur bir qo`shiqdagi kabi “Osmondagi oyni olib beraman” deb va`da qilib yuboradi. Ammo “Holva degan bilan og`iz chuchimaydi”. Kelinga tilla uzuk olib berish kerak, nikohga qo`sha-qo`sha mashinalar kerak, restoranda esa shohona to`y qilish  kerak. Bularning hammasi uchun esa, otning kallasiday pul kerak. Nima qilmoq kerak? Va`dasidan qaytsa, kelin aynib qolishi mumkin.

 Shu payt Shohrux Abdurahmonovning esiga, qo`shnisi Jaloliddin akaning yangi uy olmoqchi bo`lib yurgani tushib qoladi-yu, bexosdan chapak chalib yuborganini o`ziyam bilmay qoladi.

Voqeaning keyingi jarayonlarini aytishga til, yozishga qo`l bormaydi. Keling, bu haqda qonun posbonlari gapira qolishsin:

 Akmal OLIMOV, Toshkent viloyati prokuraturasining tergovchisi:

— 2014 yil 26 sentyabr kuni ertalab soat 9-30 larda Jaloliddin akaning uyiga borib kuzatgan, shundan so`ng devordan oshib tushib uyga kirgan, shkafni, sandiqlarni titib pullarni olayotganda uy egasining xotini Nigora kelib qolgan. Shohrux jinoyatni yashirish maqsadida oshxonadagi pichoqni olib uning ko`krak qismiga bir necha bor urgani, shu payt qizchasi Zilola kirib qolib baqirib yuborgan. Qizchasi uni yaxshi tanishi uchun birovga aytib qo`yadi, deb unga pichoq tiqib olgan. Shundan murdalarni ko`tarib, erto`laga olib borib tashlab, ustiga taxta bo`laklarini yopib qo`yib, uyni ichkaridan qulflab chiqib ketgan.

 Qonga botgan “baxt”

Bosqinchilik va qotillik jinoyatlari sodir etib, qo`lini qonga botirgan Shohrux Abdurahmonov, hech narsa bo`lmaganday yo`lovchi avtomashinaga chiqib ketadi. Yo`lda, suv olish bahonasida “Damas” avtomashinasini to`xtatib, “Shabnam” do`koniga kirib “Koka-kola” ichimligi olib chiqadi. Yosh yigitning harakatlari kirakash haydovchining ko`nglida shubha-gumonlar uyg`otadi-yu, biroq bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xabar bermaydi. O`zining fuqarolik burchini bajarmaydi.

Qotil Shohrux Abdurahmonov Yangiyo`l shahridagi savdo  do`koniga borib, 1 million so`mga yotoq mebeli, ulgurji savdo do`konidan 50 shisha aroqni 300 ming so`mga sotib oladi.

Nikoh marosimiga olib borish uchun esa, “Mersedes-Bens” rusumli engil avtomashina egasiga 220 ming so`m, shahardagi “Dilorom” to`yxonasiga 1 million 300 ming so`m, ansambl uchun esa 300 ming pul berib, to`yni 30 sentyabr kuni gurillatib boshlab yuboradi.

Qotillik va bosqinchilik jinoyatlari sodir etgan Shohrux Abdurahmonovning qilmishini aslo oqlab bo`lmaydi. Xalqimiz bunday kimsalarga qarata — “Tuzini eb, tuzlig`iga tupirganlar” deydi. Jabrlanuvchi Jaloliddin To`ychievning yuziga, marhuma Nigoraning ota-onasining ko`ziga qarash qanchalik qiyin. Bir mahallada  yashab, osh-nonini egan, bordi-keldi qilib yurgan ko`rnamak yigitning farishtaday  begunoh bir ayolni va uning norasida qizchasini ham o`ldirib, bosqinchilik yo`li bilan topilgan pullarga to`y qilib,  ayshu ishrat qilganini nima desa bo`ladi?

Ha, bu dunyoda hech kim birovga baxtsizlik keltirib, baxtli bo`lolmaydi. Shohrux Abdurahmonovga o`xshagan savodsiz, omi, ma`naviyat ko`chasidan o`tmagan kimsalar, begunoh odamlarni o`ldirib nimaga erishdi? Arzimagan pul, mol-dunyoni deb birovlarni o`ldirish, qo`lini qonga botirish odam bolasining ishi emas.

Qotil Shohrux Abdurahmonov bizning qavmimizdan bo`lganiga ham ishonish qeyin. Uning ota-onasi, aka-ukasi bormikan? U qaysi maktabda, qaysi mahallada kamol topdiykin? Uning jirkanch qilmishiga qanday jazo berish mumkin?

 Sud uni 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Shundan 4 yilini turmada o`tash belgilandi.

                                                                                                          Jo`ra BOBORAHMATOV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1