1

Gippokrat qasamiga xiyonat

Jinoyat 17.12.2015, 12:20
Gippokrat qasamiga xiyonat

Xalqimizda “Tani sog`liq-tuman boylik” degan gap bor. Ammo oramizda shunday odamlar ham borki, ular “Mol ketsin, pul ketsin, eson sog`liqqa ne etsin” degan maqolni o`zlariga shior qilib olib, najot izlab kelgan bemor va xasta kishilardan tamagirlik bilan pul olishga harakat qiladilar. Bugungi maqolamizda qasamyodiga xiyonat qilib, “oq xalatiga dog` tushirgan” kimsalar haqida hikoya qilamiz.

 Qassobga moy qayg`usi

Faxriddin Muhammadiev Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli shoshilinch tez  yordam bo`limi mudiri vazifasida ishlardi. Biroq u mansabni cho`ntakni qappaytirishning maqbul yo`li deb bildi. Axir uning yo`liga ko`z tikadigan bemorlar, yaqinlarining salomatligi uchun borini berishga tayyor turgan insonlar ozmi bu dunyoda? Faxriddin ana shunday noiloj holda qolgan hamyurtlarimizning vaziyatidan ustomonlik bilan foydalanishni odat qiladi.

Qonun tili bilan aytganda, mansabdor shaxs bo`lgani holda, o`z xizmat mavqeidan foydalanib sodir etishi lozim va mumkin bo`lgan muayyan harakatni, pora beruvchi shaxsning manfaatlarini ko`zlab bajarishi evaziga, qonunga xilof ekanligini bila turib, tamagirlik yo`li bilan pora olish jinoyatini sodir etdi.

  “Tig` haqqi” – 500 ming so`m?

 2015 yil 11 mart kuni soat 14 yarimlarda Qarshi tumani, Navoiy mahallasidagi 4-uyda yashovchi Zamira Hamroeva o`ng tomonidagi  kuchli og`riq bilan Faxriddin Muhammadiev rahbarlik qiladigan bo`limga yotqiziladi. Tibbiy ko`rik paytida unda o`ng tuxumdon kistasi yorilishi borligi aniqlanib, bemorda jarrohlik amaliyoti o`tkaziladi. Jarrohlik amaliyoti paytida uning kistasi hamda ko`richagi birgalikda olib tashlanadi. Jarrohlik amaliyoti tugallangandan so`ng esa... shifokor Zamira Hamroevaning turmush o`rtog`i Sherali Qobilovni o`z xizmat xonasiga chaqirib, o`tkazgan jarrohlik amaliyoti uchun 500 ming so`m berishni talab qiladi.

“O`tgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas”,  deydilar. Bu F.Muhammadievning kasbiy faoliyatidagi birinchi va so`nggi qoidabuzarlik emasdi.

Faxriddin Muhammadiev aslida 2005 yilda O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 116-moddasida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etgan. Ya`ni kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, o`z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo`lishi tufayli kasb yuzasidan o`z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga sababchi bo`lib, 2 yil axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan edi.

 Yaxshi otga bir qamchi...

Ha, davlatimiz bag`rikenglik qilib, Faxriddin Muhammadievning qilmishlarini avf qilib yubordi. Oqqan daryo oqib ketdi. Sudlanganlik holati allaqachon tugallanib, Faxriddin Muhammadievning o`z kasbiga bo`lgan beparvoligi, jindekkina loqaydligi unutilib ketdi.

Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi unga katta ishonch bildirib, shoshilinch tez yordam bo`limi mudiri vazifasiga ishga qo`ydi. Ammo xalq naqlida aytilganidek, “Yomonni yaxshi bo`di deb suyunma, yaxshini yomon bo`ldi deb kuyunma” deganlaridek, Faxriddin Muhammadiev rahbar bo`ldi-yu, ko`zini yog` bosib, bosar-tusarini bilmay qoldi.

 Inson bolasi ongli mavjudot. U shunisi bilan hayvondan farq qiladi. Ammo shaytoni lain qutqusiga uchib, o`yindan o`t chiqarib, misqollab yig`ilgan obro`-e`tiborini bir necha soniyada qo`ldan boy berishi, o`ziga bo`lgan ishonchni yo`qotib qo`yishi hech gap emas.

Faxriddin Muhammadiev ham shifokor degan muqaddas nomga, ularning oppoq xalatiga dog` tushirib, jazoni o`tash davomida insof, diyonat degan oddiy, ammo muqaddas ne`matni unutganiga ishonch hosil qilib, afsus, nadomat cheksa, ajabmas.

Aqlga sig`mas qabohat

2014 yil 28 dekabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy ilmiy markazi Qashqadaryo filialining reanimasiya bo`limiga Dehqonobod tumanida yashovchi O`rol Choriev tan jarohati bilan og`ir ahvolda olib kelingan.

Ko`rsatilgan yordamlarga qaramay, O`rol Choriev shifoxonada vafot etgan. Ichki ishlar idorasi xodimlarining qaroriga asosan fuqaro O`rol Chorievning murdasi sud-tibbiyot ekspertizasi tekshiruvidan o`tkazilishi kerak edi.

2004 yil 24 may kunidan Qarshi tumani sud-tibbiy eksperti vazifasida, 2014 yil 1 avgustdan boshlab o`rindoshlik asosida Dehqonobod tumanlararo sud-tibbiy eksperti lavozimida ishlab kelayotgan Normuhammad A`zamov, o`lganning ustiga tepgan qilib, marhum O`rol Chorievning o`g`liga 800 ming so`m  olib kelsa, o`lim sababini “Yopiq kalla miya shikasti, bosh miyaning og`ir darajada lat eyishi” tan jarohati oqibatida kelib chiqqani haqidagi ekspertiza xulosasi tayyorlab berishini aytadi.

Ekspert Normuhammad A`zamov, bevaqt olamdan o`tgan  O`rol Chorievlar oilasining musibatiga hamdardlik bildirish o`rniga, og`ziga siqqanicha pul talab qiladi. Beandisha, ochko`z, nafs balosiga yo`liqqan ekspertning  tamagirligi Chorievlar oilasining izzat-nafsiga tegadi. Shundan so`ng, ular huquq idoralariga murojaat qilishga majbur bo`lishadi.

Xalqimizda  “Ko`za kunda sinmaydi, kunida sinadi” degan gap bor. Bu — ha, hech kim ko`rmayapti-ku, deb o`ylab, osongina, mo`maygina boylik, manfaat orttirish uchun xufyona ishlarni qilib yurgan odam bir kun bo`lmasa, bir kun qo`lga tushishi, yashirincha qilib yurgan ishlari fosh etilishi, sharmanda-sharmisor bo`lishi muqarrardir, degani. Ekspert Normuhammad A`zamovning ko`zasi esa 2015 yilning boshiga kelib sindi. U 1991 yildan beri shu sohada xizmat qilib kelayotgandi. 

Jinoyat jazosiz qolmaydi

Sud A`zamov Normuhammadni 5 yil ozodlikdan mahrum etdi. 2 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qildi.

Halollik, poklik, odob-axloq, sadoqat, diyonat... Bu so`zlarni uzoq davom ettirish mumkin. Kishi shuurida ana shu tuyg`ular bo`lmaganda, jamiyat tubanlashib ketgan bo`lardi. Ulug` allomalarimizning o`gitlarida, pand-nasihatlarida poklik, halollik, axloq masalalariga katta e`tibor qaratilgan.

Nopoklik nima? Halol va haromning farqiga bormaslik, mudom xiyonatga oshno bo`lib yurishning oqibati nopoklikni keltirib chiqaradi. O`rtaga nopoklik tushdimi, ma`naviy tuyg`ular toptaladi. Kaykovusning “Qobusnoma” asarida yozilishicha, agar kishi sidqidildan suvga oyoq qo`ysa, suv ham uning oyog`i ostida qattiq bo`ladi. Demak, har bir inson qalbidagi poklik va halollik mustahkam bo`lsa, o`sha inson chin odamiylik mehvari hisoblanadi. Agar  aksi bo`lsa-chi? Aksi bo`lsa, Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli shoshilinch tez yordam bo`limi mudiri Fahriddin Muhammadiev va Qarshi tumani sud-tibbiy eksperti Normuhammad A`zamovlarga o`xshab halol bilan haromning farqiga bormay, ochko`zlik qilib, boylikka hirs qo`yib, ishonchni suiiste`mol qilsa,  sovuq panjaralar ortida er chizib o`tiradi. Afsus, ming afsus.

                                                                                                                                      Jo`ra BOBORAHMAT

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1