1

Qaysi domlaning stavkasi qancha?

Jinoyat 05.01.2016, 14:59
Qaysi domlaning stavkasi qancha?

Uzoq tayyorgarliklardan so`ng Buxoro muhandislik texnologiya institutining muhandislik-texnika fakultetida o`qish baxtiga muyassar bo`lgan Alisher Qodirov o`zi tahsil olayotgan guruhga sardor etib tayinlandi. Dastlab u bundan quvondi. Biroq, xursandchiligi uzoqqa bormadi. Yarim yillikning imtihon va sinovlari boshlanganida guruh sardorining ayrim ustozlaridan ko`ngli qoldi.

Buxoro muhandislik texnologiya institutining kimyoviy texnologiyalar fakultetida assistent lavozimida ishlab kelayotgan I.Davlatovni kafedra katta o`qituvchisi U.Bekov oldiga chaqiradi.

— Ishlarimga ulgurmayapman. Muhandislik-texnika fakulteti birinchi bosqich guruhi talabalarining reyting qaydnomalarini olingda, ballarni hisoblab chiqing, — dedi.

Ustozning bu gapi quvlikni xayolidan o`tkazgan assistentga moydek yoqib tushdi. Chunki endi bu yog`i o`zining qo`lida. Zudlik bilan ishga kirishdi. Natija kutganidan ham ko`ra yaxshiroq ko`rinish oldi. Jurnalga ko`z yugurtirar ekan, aksariyat talabalarning ballari etarli emasligini ko`rdi. "Kichik domla" guruh sardori Alisher Qodirovni chaqirtirdi.

— Guruhingizda ko`pchilik bolalar baho ololmaydi. Nimagaligini mendan ko`ra yaxshiroq bilasiz, — dedi chehrasiga jiddiylik tusini berib.

— Domla, qo`shimcha tarzda mashg`ulotlar o`tsangiz, talabalarimiz darslarni qayta o`zlashtirishiga imkon bo`larmidi... — dedi Alisher kursdoshlarini o`ylab.

— Siz menga aql o`rgatmoqchi bo`layapsizmi? Menda vaqt qani, qo`shimcha dars o`tishga. Yaxshi baho olishni istaganlar bo`lsa, marhamat 4 baho — 40 ming so`m, 5 baho — 50 ming so`m...

Shu yilning fevral oyi boshlarida ushbu guruh talabalari bir auditoriyaga yig`ilishdi va yana bir bor ballarni hisoblab chiqib, pul beradiganlarning ro`yxatini tuzishdi. Unga asosan ballari etmagan talabalardan 660 ming so`m pul yig`ilishi kerak edi. Bu jarayonda qaysidir talaba puli yo`qligi, oilaviy sharoiti og`irligini aytsa, boshqasi shartnoma asosida o`qishini, ota-onasidan pul so`ray olmasligini tushuntirishga harakat qilardi. Talabalar chug`urlashib, domlaning insofsizligi haqida tinimsiz gapirishardi. Xullas, ular orasida norozilik kayfiyati uyg`ondi.

Birgina guruhdan ta`ma tufayli qo`lga kiritilayotgan mablag` Ismat Davlatovning tinchini buzdi. U "domlalikning turgan-bitgani mo`may daromad ekan-ku," deb o`ylardi. Endi gap yig`ilgan pullarni qaerda, qanday qilib olishda. Birdan xayoliga o`qishga kirish uchun tayyorlov kursiga kelib yurgan Jonibek Abdukarimov keldi. Shu xayollar bilan u guruh sardori A.Qodirovga qo`ng`iroq qildi va pullarni kechki payt "Rusalka" kafesi oldiga olib kelishini tayinladi. Kech kirishini intizorlik bilan kutgan I.Davlatovga guruh sardori qo`ng`iroq qilib, ishi chiqib qolganini, pullarni ertaga etkazishini aytdi. Kelishilganidek, ertasiga soat o`n birlarda A.Qodirov pullarni institutga olib bordi. Bu ish xavfli ekanini tushungan I.Davlatov pullarni Jonibek orqali olishni maqsad qildi. Biroq, ushbu pullar yosh domlaning qo`ligacha etib kelmadi. Achinarlisi, uning qo`llariga pulning o`rniga temir xalqalar kelib tushdi.

Ikkinchi holatga ham to`xtalmay ilojimiz yo`q. Boisi, Qavmiddin Omonov ham ushbu ta`lim dargohida Chizmachilik va chizma geometriya kafedrasi o`qituvchisi. Yosh bo`lishiga qaramasdan salohiyatli, o`z fanining bilimdoni. Biroq, egallagan ilmiga amal qilmagani uchun el-yurt oldida uning yuzi shuvut bo`ldi. Ayni yuqorida qayd etilgan guruh talabalari uchun Q.Omonov birinchi semestr yakuni bo`yicha "3" bahoga 80 ming, "4" baho uchun 100 ming, "5" bahoga esa 120 ming "stavka" belgilab berdi.

Biroq bu "qahramon"imiz ham niyatiga eta olmadi. Ins­titutning Chizmachilik va chizma geometriya kafedrasining mudiri xonasida talabalarni qaqshatib yig`ilgan 1 mln. 225 ming so`m pulni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo`lga olindi.

Institutning "Elektrotexnika va ishlab chiqarishda axborot kommunikasiya texnologiyalari" fakultetining dispetcheri vazifasida ishlagan Sherzod Yarashov talabalardan pul undirishning o`ziga xos usulini o`ylab topdi. Institutning 2-bosqich talabasi Murodjon Sirojov qandaydir sabablarga ko`ra reyting daftarchasini vaqtida qo`liga ololmadi. Sababini surishtirganda esa Sh.Yarashov unga nisbatan o`zining o`ylab qo`ygan rejasi asosida javob berdi.

— Sening reyting daftarchang dekanda, — dedi  Sh.Yara­shov. — Imtihonlarni topshirishing uchun u kishidan reyting daftarchangni olishing kerak. Buning uchun esa..., — o`ylanib turib gapini davom ettirdi dispetcher, — biroz xarajatlari bor.

— Bu ishga o`zingiz yordamlashib yuboring. Mayli xarajatlari bo`lsa ham..., — dedi talaba.

— U kishiga 300 "ko`ki"dan berishimiz kerak.

— Uch yuz! — M.Sirojov bir qalqib tushgandek bo`ldi. — Buncha pulim yo`q.

Oradan ma`lum vaqt o`tgandan so`ng, M.Sirojov amallab qarz-havola qilib 200 AQSh dollari topganini aytdi. Bu "yangilik"ni eshitgan Sh.Yarashov institut hududidagi akademik liseyning chet tillar kafedrasi o`quv binosi oldida uchrashishni aytdi. Nayrang o`ylab topib, mo`may pulni qo`lga kiritmoqchi bo`lgan Sh.Yarashov talabaning qo`lidan 200 AQSh dollarini olganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo`lga olindi.

Tafsilotlari keltirilgan jinoyat ishlari bo`yicha sud hukmiga binoan sudlanuvchilar I.Davlatov, Q.Omonov hamda Sh.Yarashovlarga O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga asosan jazo tayinlandi.

Rashid RAHMATOV,

 Buxoro shahar prokurori

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1