1

Indoneziyaliklarga islomdan ta`lim bergan samarqandlik “Vali Songo” kim bo`lgan?

Moziydan sado 13.05.2022, 10:43
Indoneziyaliklarga islomdan ta`lim bergan samarqandlik “Vali Songo” kim bo`lgan?

Bugungi kunda Indoneziya Er yuzidagi eng ko`p musulmonlar istiqomat qiladigan mamlakat sanaladi. Ya`ni 270 milliondan ortiq aholisining 90 foizga yaqinini musulmonlar tashkil qiladi. Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, bu hududga islom dini ilm-ma`rifat, targ`ibot yo`li bilan kirib borgan. 

Amir Temur sabab...

Indoneziyada Islom dinining kirib borishi va tarqalishida Samarqandda o`qib, kamol topgan  Malik Ibrohim ismli alloma beqiyos xizmat qilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, Malik Ibrohimning shajarasi Imom Husayn (r.a.)  orqali payg`ambarimiz (s.a.v.)ga borib taqaladi. Taniqli tarixchi va jurnalist Gulu Kengerlining tadqiqotlariga ko`ra, Malik Ibrohim XIV asrning ikkinchi yarmida Ozarboyjonda dunyoga kelgan. O`z davrida Kavkaz va yaqin Sharqda keng tarqalgan hurufiylik tariqati tarafdori bo`lgani  aytiladi. Boshqa bir manbalarga qaraganda, Najmiddin Kubro asos solgan Kubroviya tariqati vakili bo`lgan. Malik Ibrohim qachon Samarqandga kelgani haqida aniq ma`lumot yo`q. Agar bu oilaning Samarqandga kelib qolishi Amir Temurning Eron va Ozarboyjonga yurishlari bilan bog`liq bo`lsa, bu voqea 1380 yillarga to`g`ri keladi. Samarqanddagi  diniy va ma`naviy muhit Malik Ibrohimning tafakkurida katta o`zgarish yasaydi. Shu erdagi madrasalarda tahsil oladi, ulamolar, mutafakkirlar suhbatidan bahramand bo`ladi. 

Maqsad sari...

Ozarboyjon tarixchisiZaur Alievning yozishicha,  bir necha yil Samarqandda yashab, ahli ilmlar suhbatini olgan, el aro hurmat-e`tibor qozongan Malik Ibrohim keyinchalik o`zini shu o`lkaga bog`liqligini e`tirof etish uchun o`ziga Maxdum Ibrohim As-Samarqandiy nisbasini tanlaydi. Boburning ta`rifi bilan aytganda, Samarqand ahli “Hazrati Usmonzamonasidan  beri pok mazhabli  musulmon bo`lishgan”. Shunday ekan, Islom ta`limotini boshqa o`lkalarga ham yoymoq kerak. Ana shu maqsad Malik Ibrohim va uning oilasini Indoneziya tomon etaklaydi. Ma`lumki, Indoneziya haqida musulmon olamida undan avval ham muayyan tasavvurlar bo`lgan. Xususan, Beruniyning o`zining “Javohirnoma” asarida Indoneziyaning Sumatra orolidagi qimmatbaho toshlar haqida ma`lumot berib o`tgandi. 

Ilm o`rgatishni savdodan boshlaydi

Malik Ibrohim 1392 yilda otasi Jumodul-Kubro va ukasi Mavlono Ishoq bilan olis Indoneziyaga yo`l oladi. Bu paytda hali ushbu o`lkaga evropaliklarning qadami etmagandi. Aholi asosan mahalliy dinlarga, qisman buddaviylik va hinduviylikka e`tiqod qilardi. Savdogar qiyofasida Indoneziya orollariga kirib borgan Malik Ibrohim savdo-sotiq bilan shug`ullanadi. Xaridorlarga mol sotarkan, u halollikdan saboq beradi, ularning bir chaqasiga ham xiyonat qilmaydi. U har bir xaridorga birovning ozgina haqqi ham buyurmasligini uqtiradi. Aks holda Allohning g`azabi muqarrar ekanini aytadi. Malik Ibrohim tez orada Indoneziyada katta nufuz va e`tibor qozonadi. U insonlarni islom dinining go`zalliklari bilan yuzlashtiradi. Islomiy  bilimlar, Qur`on mantig`ining inson taqdiridagi rolini isbot etadi.  Natijada aholining katta qismi  islomni  qabul etadi. Malik Ibrohim otasi va ukasi bilan uzoq yillar davomida Indoneziya orollari va Vetnam hududida ham diniy targ`ibot ishlari bilan shug`ullanishgan. Keyinchalik Mavlono Jumodul-Kubro va o`g`illari,  shuningdek, Malik Ibrohimning ikki o`g`li – Ali Rahmutulloh va Ali Murtazolar ham  Indoneziyada e`zozlanadigan 9 nafar avliyo – “Vali Songo” safiga kiritilgan.

Malik Ibrohim milodiy 1417 yilning 7 aprelida Indoneziyaning Gresik shahrida yaqinidagi Gapura qishlog`ida  olamdan o`tadi.  Bugun uning qabri ziyoratchilar uchun muqaddas qadamjoga aylangan. Har yili Malik Ibrohimning tavallud kuni munosabati bilan minglab ziyoratchilar bu erga qadam ranjida qilishadi. Malik Ibrohimnnig qabr toshida arab tilida shunday bitiklar yozilgan:“Bu, shubhasiz Alloh tarafidan kechirilishga loyiq bo`lgan, Alloh bergan saodatga munosib, shohlarning muallimi, vazirlar va sultonlarning maslahatchisi, kambag`allar, beva-bechoralarning do`sti bo`lgan insonning qabridir. Buyuk ustod Malik Ibrohim o`z marhamati bilan tanilgan. Alloh unga yor va madadkor bo`lsin.”

                                                                      Rustam JABBOROV

"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 12 may, 19-son

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1