1

Qishda uchuq chiqishi shamollash alomatimi? SSV mutaxassisi tibbiy ko`rsatma berdi

Salomatlik 15.01.2023, 21:21
Qishda uchuq chiqishi shamollash alomatimi? SSV mutaxassisi tibbiy ko`rsatma berdi

Qish faslining sovuq kunlarida ayrim insonlarga tez-tez uchuq toshadi.  Xo`sh, bu nimaning alomati? Uchuqning qanday asoratlari bor? Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Sevara Xusanova javob berdi.

— Gerpes yoki xalq tilida uchuq deb ataluvchi ushbu kasallik virusli infeksiya hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uning qo`zg`atuvchisi oddiy gerpes virusidir. Uchuq asosan og`iz va burun atrofida kuzatiladi. Odatda infeksiya bilan inson bolalik chog`ida to`qnashadi. Virus odamga kasal oila a`zosi yoki qarindoshlari orqali yuqishi mumkin.

Shuningdek, infeksiya bola organizmiga homila paytida tushadi. Biroq uning alomatlari onadan o`tgan immunitet hisobiga yuzaga chiqmaydi. Vaqt o`tib, immunitet pasaygach, yana paydo bo`ladi.

 Bilamizki, qish faslining sovuq kunlarida o`tkir respirator infeksiyalarga chalinish oqibatida aksariyat insonlarda immunitet pasayadi. Ushbu infeksiya esa aynan tananing kurashish qobiliyati sustlashgan paytda faollashib, ko`payadi.

Shu sababli ham ko`pchilik gerpesni shamollash alomati, deb o`ylaydi va uni davolashga etarlicha e`tibor qaratmaydi. Uy sharoitida o`zboshimchalik bilan turli muolaja usullarini qo`llashga harakat qiladi. Vaholanki, surunkali davom etayotgan uchuq toshmasi organizmdagi viruslar ta`sirida yuzaga keladi. Shamollash esa shunchaki tana himoya tizimini zaiflashtiruvchi omil, xolos.

️Agar uchuq yilda bir yoki ikki marta bezovta qilsa, xavotirli emas. Ammo kasallik surunkali davom etsa, albatta, mutaxassisga murojaat qilish zarur. Shifokor lozim topsa, qondagi viruslar miqdori yoki toshmadan olingan surtma namunasiga ko`ra tahlil o`tkazishi mumkin. Bu orqali xastalikka qarshi maxsus muolaja buyuriladi.

️Agar virusni davolashga etarlicha e`tibor berilmasa, teri, shuningdek asab tizimida jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois uchuqning oldini olish uchun organizmni chiniqtirish, mavsumga mos kiyinish, immunitet mustahkamligiga e`tibor qaratish zarur.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1