1

Bolalar tunda tishlarini nega g`ichirlatadi? Mutaxassis javob berdi

Salomatlik 05.03.2023, 21:31
Bolalar tunda tishlarini nega g`ichirlatadi? Mutaxassis javob berdi

Ba`zi bolalar tungi uyquda tez-tez tishlarini g`ichirlatadi. Ko`pchilik ota-onalar bundan tashvishga tushsa-da, shifokorga borishga doim ham shoshilmaydi.

Xo`sh, bu qanchalik xavfli? Ushbu holatga qanday omillar sabab bo`ladi?

Mazkur savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i Dinara Do`stmuhammedova javob berdi.

 — Tishlarni beixtiyor g`ichirlatish tibbiyotda bruksizm deb ataladi, — deydi mutaxassis. — Kichik yoshdagi bolalarda ushbu holat asosan tunda, uxlayotgan paytda kuzatiladi. Odatda u juda qisqa vaqt, ya`ni 10-15 soniya davom etadi. Bola o`smir yoshga etgach, bu holat o`z-o`zidan yo`qoladi. O`smirlar va kattalarda esa tish g`ichirlatish deyarli uchramaydi.

 Bruksizm bola organizmida sodir bo`ladigan ayrim jarayonlar sababli yuzaga kelishi mumkin. Xususan, chaqaloqlarda tish chiqishi, kuchli asabiylik, burun bitishi, tepa va pastki tishlar bir-biriga noto`g`ri birikishi, mavsumiy allergik xastaliklar, O`RVI, gripp kabi nafas olish yo`llari infeksiyalari, vitamin va minerallar etishmasligi, maktab yoshidagi bolalarda dars yuklamalari va baholar haqida tashvishlanish bruksizmga sabab bo`lishi mumkin.

Ko`pchilik ota-onalar farzandi organizmidagi turli parazitlarni tish g`ichirlatish sababi deb o`ylaydi. Biroq o`tkazilgan tadqiqotlarga ko`ra, ularning bir-biriga bog`liqligi aniqlanmagan.

 Tunda tishlarini g`ichirlatadigan bolalarda ko`pincha bosh og`rig`i, lohaslik, uyquchanlik, injiqlik va yig`loqilik, notinch uyqu, quloqlar bitishi kabi salbiy alomatlar kuzatiladi. Agar bu holat o`z vaqtida bartaraf etilmasa, tishlar emirilishi, tezda chirishi, nutqiy buzilishlar paydo bo`lishi mumkin.

 Shu sababli bolani kechiktirmay pediatr yoki stomatolog shifokor ko`rigidan o`tkazish lozim. Agar bruksizm stress yoki yuqori asabiy qo`zg`aluvchanlik natijasida kelib chiqayotgan bo`lsa, psixolog yoki nevropatolog maslahati zarur bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1