1

O`zbekistonda so`nggi 5 yilda milliy emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi

Salomatlik 03.04.2023, 09:08
O`zbekistonda so`nggi 5 yilda milliy emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi boshlig`i o`rinbosari Nurmat Atabekov ma`lum qildi. 

"COVID-19 pandemiyasida barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi ham jiddiy sinovdan o`tdi. Biroq yurtimizda o`z vaqtida ko`rilgan chora-tadbirlar tufayli ushbu og`ir davrni jiddiy yo`qotishlarsiz o`tkazdik.

 Xususan:

Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi bo`yicha profilaktik hamda epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari tizimli tashkil etilgani bois aholi orasida jamoaviy immunitetning shakllanishiga erishildi va yurtimizda ushbu kasallik bo`yicha epidemiologik barqarorlik ta`minlandi.

Koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan aholining 83,3 foizi to`liq vaksinasiya bilan qamrab olindi. Buster doza bilan emlash qamrovi 81,4 foizga etkazildi. Gripp kasalligiga qarshi esa 2,3 mln. nafar aholi emlandi.

Aholining epidemiologik osoyishtaligini ta`minlash borasida o`tkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlar natijasida ayrim xavfli kasalliklar tugatilib, ko`plab xastaliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi.

Shuningdek, 2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi 98 foizga etdi. Bundan tashqari, so`nggi 5 yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksinalar kiritildi. Natijada qizamiq, qizilcha va bezgak kasalligi tugatilganligi to`g`risida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi. Eng quvonarlisi, o`lat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi.

Xalqaro hamkorlik doirasida AQShning SDS tashkiloti bilan hamkorlikda Osiyo davlatlari orasida birinchi bo`lib, antibiotikka chidamlilikni aniqlash bo`yicha markaz tashkil etildi. Ushbu muassasaning vazifasi asosan kasallik qo`zg`atuvchilariga antibiotiklarga sezuvchanlikni o`rganadi, antibiotiklardan to`g`ri foydalaniladi, polipragmaziya va og`ir asoratlarning oldi olinadi.

Albatta sohadagi bunday o`zgarishlar yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini ta`minlash va aholi orasida xavfli infeksiyalar tarqalishining oldini olishga xizmat qilmoqda", - dedi mutaxassis. 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1