1

Tug`ma karlikni davolash bo`yicha olamshumul natijaga erishildi

Salomatlik 06.02.2024, 11:36
Tug`ma karlikni davolash bo`yicha olamshumul natijaga erishildi

Tug`ma karlik nuqsoni bilan dunyoga kelgan 5 nafar bola endi so`z va tovushlarni hech qanday eshitish moslamalarisiz tinglab, talaffuz qila oladi. Bu olamshumul voqelik genetika muhandisligining irsiy kasalliklar ustidan g`alabasi, deb baholanmoqda, deya xabar qilmoqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Mazkur noyob muolaja usuli mualliflari — AQShning Garvard tibbiyot maktabi va Xitoyning Fudan universiteti olimlari. "Sinxua" agentligi xabariga ko`ra, ushbu inqilobiy natijaga shanxaylik tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan RRG-003 gen preparati tufayli erishilgan.  

Klinik sinovlar maktabgacha ta`lim yoshidagi 6 nafar tug`ma karlik nuqsoni bor bolada o`tkazildi. Buning uchun yangi preparat quloqqa in`eksiya orqali yuborildi. Ma`lum muddat o`tgach, olti bemordan besh nafarida eshitish hamda nutq funksiyalari tiklandi.  

Olimlar olti oydan ko`proq vaqt davomida barcha bolalar ahvoli va salomatligini kuzatib borishdi. Ijobiy xulosaga kelingach, tadqiqot natijalari keng jamoatchilikka ma`lum qilindi.

Ularning qayd etishicha, yaratilgan dori quloqqa kiritilishi bilanoq eshitish qobiliyati bir zumda tiklanib qolmaydi. Muolajaning yaqqol natijalari in`eksiyadan to`rt hafta o`tib sezila boshlaydi.  

Avval jonivorlar, so`ng insonlarda o`tkazilgan sinovlar muvaffaqiyatli kechganiga qaramay, mutaxassislar yangi davolash usulini dunyo bo`ylab ommaviy qo`llash uchun hali biroz erta, degan xulosada.  

Chunki gen terapiyasining xavfsizligi va samaradorligiga to`liq ishonch hosil qilish uchun yana ayrim qo`shimcha tadqiqot hamda kuzatuvlarga ehtiyoj bor. Shu bois u dastlabki bosqichda bir necha mamlakatdagina tibbiy amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.  

Eslatib o`tamiz, bugungi kunda dunyo bo`yicha 26 million kishi tug`ma karlikdan aziyat chekmoqda. Bunday tashxis qo`yilgan bolalar miyasi normal rivojlana olmaydi. Hozirgacha mazkur nuqsonni bartaraf etishda koxlear implantlaridan boshqa samarali davolash usuli mavjud emas. Yangi kashfiyot natijalarini esa vaqt ko`rsatadi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1